Samarqand viloyatida 27-iyun kuni ikki boshli chaqaloq dunyoga kelganligi haqida xabar berilgan edi. “Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘tayevning viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmatiga asoslanib xabar berishicha, egizaklar 6-iyul kuni vafot etgan.

Foto: “Daryo”

Eslatib o‘tamiz, M.Ch. ismli ayol 25-iyun kuni homilaning 38 haftaligi bilan viloyat perinatal markaziga murojaat qilgan. 27-iyun kuni undan ikki boshli chaqaloq dunyoga kelgan.

Chaqaloqlarda nafas va yurak yetishmovchiligi borligi, ular doimiy namlangan va ilitilgan kislorod bilan nafas olishi hamda tajribali mutaxassislar nazoratida bo‘lishi uchun egizaklar 29-iyun kuni Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga o‘tkazilgan edi.

Viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi shifokorlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor reanimatsion muolajalarga qaramay, siam egizaklarining birinchisi 6-iyul kuni soat 07:50 da, ikkinchisi 10:50 da — chaqaloqlarda ko‘p sonli tug‘ma rivojlanish nuqsonlari borligi sababli, nafas va yurak yetishmovchiligi tufayli vafot etgan.