Germaniya Qurolli Kuchlari Portugaliyaga tibbiyot xodimlari va zarur jihozlarni yuboradi. Bunga sabab Portugaliyada koronavirusga chalinish holatlarining keskin ortishi tufayli kasalxonalarning reanimatsiya bo‘limlarida bo‘sh joylar tugab bormoqda, deya xabar berdi “Interfaks” Germaniya Mudofaa vazirligi ma’lumotiga tayanib.
Germaniya harbiylari Portugaliyaga 27 nafar shifokor va feldsherlarni hozircha uch haftaga jo‘natishni rejalashtiryapti. Shuningdek, statsionar va ko‘chma sun’iy nafas oldirish apparatlari, bemorlar uchun dala yotoqlari ham jo‘natiladi.
Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, Portugaliyada pandemiya boshlanganidan beri 711 mingdan ortiq kishida koronavirus aniqlangan, 12,1 ming kishi virus qurboni bo‘lgan.
“ourworldindata.org” portalining ma’lumotlariga ko‘ra, butun dunyoda aholi jon boshiga haftasiga COVID-19’ga chalinish va o‘lim ko‘rsatkichlari bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Portugaliyada qayd etilgan.
Portugaliya bosh vaziri Antoniu Koshta mamlakat hozirda koronavirus pandemiyasining “dahshatli davri”ni boshdan kechirmoqda va vaziyat yaxshilanguncha bir necha hafta o‘tishi mumkin, deya ta’kidlagan.
Avvalroq Portugaliya COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashish uchun Yevropa Ittifoqidan yordam olmoqchiligi haqida xabar qilingandi. Portugaliya sog‘liqni saqlash vaziri Marta Temido “Bemorlarni Yevropaning boshqa mamlakatlarga yuborish — YeIda kam uchraydigan holat emas. Ammo Portugaliyaning mamlakatning geografik jihatdan uzoqda, yarimorol chekkasida joylashgani muammoga aylanmoqda”, — deya ta’kidlagan.
Mavzuga doir: Portugaliya prezidenti koronavirus yuqtirib oldi
Izoh (0)