Vladimir Putin Davlat Dumasiga prezident tomonidan tayinlangan davlat xizmatchilari o‘z lavozimlarida yosh cheklovlarisiz ishlashga ruxsat beruvchi qonun loyihasini taqdim etdi, deya xabar qilmoqda Meduza.
Qonun loyihasiga ko‘ra, Rossiya prezidenti tomonidan tayinlanadigan yoki xizmat muddati uzaytiriladigan amaldorlarga 70 yoshga to‘lishi bilan bog‘liq cheklovlar qo‘llanilmaydi.
Shuningdek, qonun loyihasida alohida holatlarda 70 yoshdan oshgan mansabdor shaxslar uchun xizmat muddatini uzaytirish taklif etilayotgani qayd etilgan.
Qayd etilishicha, hozirda xodim 65 yoshgacha va ayrim hollarda 70 yoshgacha davlat xizmatida ishlashi mumkin. Shu bilan birga, ayrim hollarda eng tajribali va yuqori malakali rahbarlar uchun belgilangan yoshga yetganidan keyin ham davlat xizmatining muddatini uzaytirish imkoni bor.
2020-yil iyul oyida Putinning avvalgi prezidentlik muddatlari nolga tenglashtiradigan konstitutsiyaviy o‘zgarishlar amalga oshirilgandi. Unga ko‘ra, Rossiya konstitutsiyasining 81-moddasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi. Ovoz berishda qatnashganlarning 78 foizi bu o‘zgartirishni ma’qullab ovoz berdi. Konstitutsiyaning 81-moddasi bundan buyon mamlakat prezidentiga saylanish muddati tugagan taqdirda qaytadan o‘z nomzodini prezidentlik saylovlarida ilgari surishga imkon beradi. Demak, Vladimir Putin 2024-yilda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi saylovlarda ham ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.
Izoh (0)