Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakat konstitutsiyasiga tegishli o‘zgartirish kiritilsa, yana davlat rahbari lavozimiga saylanish uchun nomzodini qo‘yishi mumkinligini inkor etmadi. Bu haqda “TASS” xabar bergan.

Foto: “TASS”

“Hozircha bu borada o‘zim uchun qaror qabul qilganim yo‘q. Agar konstitutsiyada bunga sharoit yaratilsa, nomzodimni qo‘yishim mumkinligini inkor etmayman”, — degan Rossiya prezidenti “Rossiya. Kreml. Putin” hujjatli filmida.

Putin konstitutsiyaga kiritilishi mumkin bo‘lgan o‘zgartirishlar haqida ham fikrlari bilan o‘rtoqlashgan.

“Ushbu voqea sodir bo‘lmasa, tajribamdan kelib chiqib shuni aytishim mumkinki, ikki yildan keyin me’yoriy jarayondagi ish o‘rniga hukumatning ko‘plab qatlamlarida o‘rinbosarlar izlash ishlari boshlanib ketadi. Merosxo‘r izlagandan ko‘ra ishlagan afzal”, – deydi Putin.

Rossiya konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish haqidagi umumxalq referendumi 1-iyulda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Biroq ushbu ovoz berish jarayoni 25-iyundan boshlanadi. Mamlakatning asosiy qonuniga o‘zgartirishlar kiritish, jumladan, Vladimir Putinning prezidentlik muddatlarini qaytadan boshlanishiga sharoit yaratish Rossiya davlat dumasi vakillari tomonidan ma’qullangan. Putinning o‘zi esa hujjat fuqarolar ovoz berganidan keyin to‘liq ma’qullanishi va tasdiqlanishini qayd etgan.