Yaponiyada hukumatning sa’y-harakatlari bilan so‘nggi o‘n yillikda kamaygan o‘z joniga qasd qilish holatlari 2020-yilda, COVID-19 koronavirus pandemiyasi davrida yana ko‘paydi, deb yozadi “Interfaks” Yaponiya Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga tayanib.
Xususan, muassasaning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-yilda 20 919 nafar yaponiyalik o‘z joniga qasd qilgan, bu 2019-yilgi ko‘rsatkichdan 3,7 foizga ko‘pdir. Bu orada, xuddi shu davrda rasmiy ma’lumotlar bo‘yicha, mamlakatda 3460 kishi koronavirusdan vafot etgan.
O‘z joniga qasd qilish holatlari, ayniqsa, ayollar va bolalar o‘rtasida ko‘paygan. 2020-yilning sakkiz oyi — noyabrigacha bo‘lgan vaqt ichida o‘zini o‘ldirishga urinish oqibatida 300 dan ortiq maktab o‘quvchilari vafot etgan, bu 2019-yilning xuddi shu davriga qaraganda 30 foizga ko‘p demakdir.
OAVlar yozishicha, Yaponiyada o‘z joniga qasd qilish holatlari 2003-yilda o‘z cho‘qqisiga chiqqan: taxminan 34 ming kishi o‘zini o‘ldirgan, shundan keyin hukumat haddan ziyod ko‘p ishlash oqibatidagi o‘limlarga qarshi choralar ko‘rish yoki odamlarga onlayn-maslahatlar orqali yordam berish natijasida o‘z joniga qasd qilishlar sonini pasaytirishga muvaffaq bo‘ldi.
Ta’kidlanishicha, turli mamlakatlardagi psixologlar koronavius pandemiyasi ortida dunyoda o‘z joniga qasd qilish darajasi o‘sishi, bu, xususan, stress, iqtisodiy ishkallar va oilaviy muammolar oqibatida bo‘lishi haqida avvalroq ogohlantirgan edi.
Pandemiya boshidan buyon Yaponiyada 345 mingdan ortiq odam kasallikka chalingan, bemorlarnng 4,7 mingdan ziyodi vafot etgan. 11 ta prefekturada favqulodda vaziyat rejimi amal qilmoqda. Xususan, hukumat bar va restoranlardan soat 20:00 da yopilishni, ish beruvchilardan xodimlarining 70 foizgacha qismini uydan ishlashga o‘tkazishni, odamlardan esa zarur sababsiz uydan chiqmaslikni talab qilmoqda. Favqulodda vaziyat rejimi 7-fevralgacha amal qiladi, lekin yana uzaytirilishi mumkin.
Ayni paytda Yaponiyada karantin qoidalariga rioya qilmagan shaxslar va muassasalarga nisbatan jazo choralarini joriy qilish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Izoh (0)