O‘zbekistonda 2020-yilda 197 ta yirik, minglab kichik va o‘rta korxonalar hamda infratuzilma ob’ektlari barpo etildi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 29-dekabr kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasida ta’kidlab o‘tdi.
Jumladan, “Navoiyazot”da ammiak va karbamid ishlab chiqarish kompleksi hamda azot kislotasi zavodi, Muborak, Gazli va Sho‘rtan neft-gaz korxonalarida suyultirilgan gaz ishlab chiqarish qurilmalari, Toshkent metallurgiya zavodi kabi yirik quvvatlar ishga tushirildi.
“Birgina energetika sohasida xorijiy investorlar bilan davlat-xususiy sheriklik asosida 6 ta yangi elektr stansiyasini barpo etish ishlari boshlandi. Ularning umumiy qiymati 2 milliard dollar bo‘lib, 2 ming 700 megavatt quvvatga ega”, — dedi Prezident.
Davlat rahbari, shuningdek, Toshkent shahrida 2 ta yangi metro stansiyasi va, ilk bor, 18 kilometrlik yerusti metrosi foydalanishga topshirilganini qayd etib o‘tdi.
Izoh (0)