Shahar yo‘lovchi transportidan bepul foydalanish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarning yagona guvohnomalari 1-yanvardan o‘z kuchida qoladi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” matbuot xizmati xabar bermoqda.
“Shahar yo‘lovchi transportidan (taksidan tashqari) bepul foydalanish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarning yagona guvohnomalari 2021-yilning 1-yanvaridan o‘z kuchida qoladi. Ya’ni mazkur guvohnomalar 2021-yilning 1-yanvaridan elektron shaklga o‘tkazilmaydi”, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, mamlakatda jamoat transporti tariflari uchun avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi yanvar oyidan joriy etila boshlandi. Shu maqsadda yerusti transportida va metroda maxsus validatorlar o‘rnatildi. Loyihaning qiymati 12 million dollarga baholangan. Toshkentda 1-dekabrdan boshlab elektron transport kartasi narxi 15 ming so‘m etib belgilangan.
Shahar transportidan bepul foydalanishni tartibga solish to‘g‘risidagi qonunga muvofiq, quyidagi shaxslar shahar yo‘lovchi transportidan (taksidan tashqari) bepul foydalanish huquqiga ega:
- 1941–1945-yillardagi urush qatnashchilari jumlasidan bo‘lmish harbiy xizmatchilar;
- 1941–1945-yillardagi urush nogironlari va urushning I guruh nogironiga hamrohlik qiluvchi shaxs;
- 1941–1945-yillardagi urush davrida front ortida fidokorona mehnati va benuqson harbiy xizmati uchun orden va medallar bilan taqdirlangan shaxslar;
- Afg‘onistonda va boshqa mamlakatlarning hududidagi jangovar harakatlarda qatnashgan sobiq baynalmilalchi jangchilar jumlasidan bo‘lmish fuqarolar;
- haqiqiy muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar va kontrakt bo‘yicha oddiy askarlar hamda serjantlar tarkibidagi harbiy xizmatchilar;
- Chernobil AES halokati oqibatida nurlanish kasalligiga chalingan va uni boshdan kechirgan shaxslar;
- ko‘zi ojiz nogironlar va ko‘zi ojiz nogironga hamrohlik qiluvchi shaxs.
Izoh (0)