“Istanbul Bashakshehir” yarim himoyachisi Irfon Jan Kahveji Chempionlar Ligasi 5-turi doirasida “Leypsig”ga qarshi o‘yinda (3:4) het-trik muallifiga aylandi.
Biroq uning uchta goli ham jamoasining g‘alabasi uchun yetarli bo‘lmadi. Shu tariqa Kahveji YChLda het-trik qayd etib, o‘sha o‘yinda mag‘lubiyatga uchragan tarixdagi uchinchi futbolchiga aylandi, deya xabar qilmoqda Opta.
Bundan avval Ronaldo 2003-yil “Real” bilan “Manchester Yunayted”ga qarshi bahsda (3:4) va Garet Beyl 2010-yil “Tottenhem” safida “Inter”ga qarshi o‘yinda (3:4) ushbu natijani qayd etgan.
Shuningdek, Kahveji uchta golning barchasini jarima maydoni tashqarisidan yo‘llangan zarbalar orqali kiritdi. So‘nggi bor Ueyn Runi 2004-yili “Fenerbahche”ga qarshi bahsda jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan zarbalar orqali het-trik qayd etgandi.
Eslatib o‘tamiz, Irfon Chempionlar Ligasining 5-tur yakunlari bo‘yicha haftaning eng yaxshi o‘yinchi nomiga da’vogarlar ro‘yxatidan o‘rin oldi. Shuningdek, uning “Leypsig” darvozasiga kiritgan uchinchi to‘pi haftaning eng chiroyli goli bo‘lishga da’vogar.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)