“Real” hujumkor yarim himoyachisi Eden Azar La Liga 11-turi doirasida “Alaves”ga qarshi kechgan bahsda (1:2) jarohat oldi.
Madridliklar rasmiy saytining ma’lum qilishicha, belgiyalik futbolchi o‘ng oyog‘i mushaklarini shikastlab olgan.
Marca xabariga ko‘ra, futbolchi taxminan 3 hafta maydonga tusha olmaydi.
Bu 16 oydan beri madridliklar safida yurgan Azar uchun sakkizinchi jarohat bo‘ldi. U “Chelsi”dan yetti yil davomida 12 marta jarohat olgandi.
Shu tariqa Azar La Liga doirasida “Sevilya” va “Atletiko”ga qarshi o‘yinlarni o‘tkazib yuboradi. Chempionlar Ligasida esa “Shaxtyor” va “Borussiya M”ga qarshi uchrashuvlarda qatnasha olmaydi.
Azar La Liga joriy mavsumida uchta o‘yin o‘tkazdi va bitta golga muallif bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, Daniel Karvaxal, Serxio Ramos, Alvaro Odriosola va Federiko Valverde jarohat tufayli madridliklar lazaretida bo‘lib turibdi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)