London yarim yil davomida yashirincha Falastin masalasini hal qilish rejasini ishlab chiqdi. Bu haqda manbalarga tayanib, The New York Times (NYT) xabar berdi.

Buyuk Britaniya bosh vazirining xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jonatan Pauell rejani ittifoqchilarga tarqatishni boshlagan. U sakkiz banddan iborat bo‘lib, G‘azoda texnokratik Falastin hukumatini tuzish, Isroil qo‘shinlarini to‘liq olib chiqish va AQSH boshchiligidagi o‘t ochishni to‘xtatishni o‘z ichiga oladi.
Bularning barchasi oxir-oqibat ikki mustaqil davlatning tashkil topishiga olib kelishi kerak, deyiladi xabarda.
Rejaning boshqa tafsilotlariga aniqlik kiritilmagan. Nyu-Yorkda 30-iyul kuni Falastin-Isroil mojarosini hal qilish bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbir yakunida ishtirokchilar ikki davlat konsepsiyasi doirasida tinchlik uchun qilinishi kerak bo‘lgan qadamlarni kelishib oldi. Tomonlar G‘azodagi urushni to‘xtatishga sodiqligini tasdiqladi. Shuningdek, barqaror tinchlikka erishish istagini bildirdi.
Isroilning G‘azoga hujumlari oqibatida halok bo‘lganlar soni 60 ming kishidan oshdi. Sektordagi gumanitar vaziyat og‘irligicha qolmoqda, ocharchilik tufayli qurbonlar soni 193 nafarga yetdi, ularning 96 nafari bolalar. Qator davlatlar Isroildan blokadani to‘xtatish, G‘azoga gumanitar yordam kirishini ta’minlashni so‘ragan.
Mazkur chaqiriqlar fonida Buyuk Britaniya, Kanada, Portugaliya, Fransiya va Mali sentyabrda BMT Bosh assambleyasi sessiyasi boshlanishidan oldin Falastin davlatini tan olishga tayyorligini aytgan.
Bundan tashqari, yana 10 davlat: Andorra, Avstraliya, Kanada, Islandiya, Irlandiya, Lyuksemburg, Yangi Zelandiya, Norvegiya, San Marino, Sloveniya va Finlyandiya ham shunday qadam tashlash niyatida. Dunyo bo‘ylab 140 dan ortiq davlat Falastin davlatini tan olgan, Yevropa Ittifoqining 27 mamlakatidan 12 tasi shunday qaror qilgan.
Izoh (0)