Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainaning bosib olingan hududlari — Xerson va Zaporojye viloyatlarini qaytarib berishga tayyor emas. Amerika Qo‘shma Shtatlari va Yevropaning yetakchilari Putinni noto‘g‘ri tushungan. Bu haqda The Washington Post nashri xabar berdi.

Nashrning Putin va Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff uchrashuvi tafsilotlaridan xabardor manbasiga ko‘ra, Vladimir Putin Rossiya tomonidan bosib olingan Xerson va Zaporojye viloyatlaridagi hududlardan voz kechishga tayyor emas.
Putin 6-avgust kuni Kremlda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Kiyevdan Donbassdan voz kechishni so‘ragan. Buning evaziga esa o‘t ochishni to‘xtatish va front chizig‘ini hozirgi pozitsiyalarda muzlatishga rozi bo‘lishini aytgan.
Shundan so‘ng Donald Tramp Vladimir Zelenskiy va bir nechta yevropalik yetakchilar bilan suhbat o‘tkazgan. Axios nashrining yozishicha, qo‘ng‘iroq ishtirokchilaridan ba’zilari “Putin Xerson va Zaporojye viloyatlariga bo‘lgan da’volaridan voz kechishga rozi bo‘ldi” degan taassurot bilan suhbatni yakunlagan.
The Washington Post suhbatdoshining aytishicha, AQSH tomoni ham Putinning Zaporojye va Xerson viloyatlarida harbiy harakatlarni to‘xtatish taklifini Rossiya qo‘shinlarini bu hududlardan olib chiqishga tayyorlik deb qabul qilgan. Biroq Kreml bosib olingan hududlardan voz kechish haqida o‘ylamayapti.
Uitkoffning keyinchalik ukrainalik va yevropalik rasmiylar bilan suhbatida Putinning Zaporojye va Xerson viloyatlaridan chiqib ketish niyati yo‘qligi oydinlashgan. Rossiya rahbari faqatgina hozirgi pozitsiyalarda urushni muzlatishga rozi bo‘lgan.
Trampning maxsus vakili Putinning “ukrainaliklarning Xerson va Zaporojyedan tinch yo‘l bilan chiqib ketishi” haqidagi talabini Rossiya qo‘shinlarini bu hududlardan olib chiqish taklifi deb noto‘g‘ri tushungan.
Putin hanuzgacha Donetsk, Lugansk, Zaporojye va Xerson viloyatlarini to‘liq nazorat qilishni istaydi. U taklif qilgan narsa esa faqat qisman o‘t ochishni to‘xtatish — front ortidagi yirik shaharlar va energetika obyektlariga hujum qilmaslik.
Izoh (0)