Rossiya armiyasi Ukraina hududidagi Ozarbayjon obyektlariga “maqsadli havo hujumi” uyushtirmoqda. Bu haqda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy bilan telefon suhbatida ma‘lum qildi.

Siyosatchilar 10-avgust kuni Ozarbayjon bilan bog‘liq infratuzilmaga zarba berilayotganini muhokama qildi. Bunday obyektlar qatorida Ozarbayjonning SOCAR kompaniyasiga qarashli neft ombori ham kiradi.
Prezidentlar Rossiyaning Ozarbayjonga tegishli boshqa obyektlar, jumladan, Ukrainaga gaz yetkazib beruvchi gaz kompressor stansiyasiga uyushtirgan maqsadli aviahujumlarini qoraladi. Bu hech qanday tarzda Ozarbayjon va Ukraina o‘rtasidagi energetika sohasidagi hamkorlikning to‘xtatishiga olib kelmasligiga ishonch bildirildi, deya ta’kidlaydi Ilhom Aliyevning matbuot xizmati.
6-avgustga o‘tar kechasi Rossiya dronlari Odessa viloyatidagi “Orlovka” gaz kompressor stansiyasiga hujum qildi. Bu stansiya orqali Ozarbayjon Ukrainaga gaz yetkazib beradi. Ukraina Energetika vazirligi hujum “faqat fuqarolik infratuzilmasiga, maqsadli ravishda energetika sohasiga va bir vaqtning o‘zida Ozarbayjon, AQSH hamda Yevropadagi hamkorlar bilan munosabatlarga qarshi” yo‘naltirilganini ta‘kidladi.
8-avgustga o‘tar kechasi Rossiya Qurolli kuchlari Odessa viloyatidagi Ozarbayjonning SOCAR davlat neft kompaniyasi omboriga “Shahed” dronlar bilan hujum uyushtirdi.
Oqibatda yong‘in chiqib, dizel yoqilg‘isi quvuriga zarar yetdi. Rossiyalik “harbiy muxbir” Vladimir Romanovning ta’kidlashicha, o‘sha tunda Odessa viloyatida yo‘q qilingan nishonlar orasida Nerubayskoye qishlog‘idagi “Svitanok Oil Trade” neft ombori ham bo‘lgan.
SOCAR iyul oyi oxirida Ukrainaning “Naftogaz“ kompaniyasiga gaz yetkazib berish bo‘yicha birinchi shartnomani imzolagani ma’lum bo‘lgandi.
Izoh (0)