Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatidagi qishloq xo‘jaligi rahbari 58 yoshli o‘zbekistonlik erkakka quldek muomala qilgani, uning hujjatlarini tortib olib, qo‘rqitgani va bir yil davomida maosh to‘lamay ishlatib kelgani fosh etilgani haqida xabar berilgandi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mazkur holat bo‘yicha ma’lumot berdi.
Aqto‘be viloyati politsiya departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘iston hududida noqonuniy ravishda bo‘lgan shaxslarni topish bo‘yicha rejali tadbirlar davomida 1962-yil 2-mayda tug‘ilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi M.B. aniqlangan. Uning ish beruvchisiga nisbatan Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 128-moddasida ko‘zda tutilgan odam savdosi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Vazirlik xabariga ko‘ra, M.B. Qozog‘istonga 1996-yilda kelgan, 2004-yilda doimiy yashash ruxsatnomasini olgan va Qozog‘istonda muntazam yashaydi.
“Huquqni muhofaza qilivchi organlar vakillari bilan suhbat chog‘ida M.B. hozirgi ish beruvchisiga nisbatan shikoyati yo‘qligini, ish, yashash va ish haqi shartlari o‘zini qoniqtirishini, O‘zbekistonga qaytish niyati yo‘qligini va Olmaota shahriga, Qozog‘iston fuqarosi bo‘lgan qizining uyiga ko‘chib o‘tishni rejalashtirayotganini bildirdi”, — deyiladi O‘zbekiston TIV xabarida.
Ma’lum qilinishicha, jinoiy ish alomatlari yo‘qligi va mehnat qulligi faktlari tasdiqlanmagani munosabati bilan qo‘zg‘atilgan jinoyi ish yopildi.
Mavzuga doir:
- Ikki kishini 2013-yilda Qozog‘istonda qurilishda ishlashga majbur qilgan qidiruvdagi surxondaryolik erkak qo‘lga olindi
- Rossiyada uch nafar o‘zbekistonlik qullikka tushib, u yerdan qochishga muvaffaq bo‘ldi
- “Erim meni va boshqa xotinlarini mebel kabi ijaraga bergan” — Rossiyada qullikda yashagan o‘zbekistonlik ayol
Izoh (0)