AQSh prezidenti Shimoliy Karolina shtatida o‘z tarafdorlari qarshisida nutq so‘zlar ekan, AQShda matbuot erkinligi yo‘qligini aytdi. Bu haqda Amerika yetakchisining Twitter’iga tayanib, “RBK” xabar bermoqda.
“Bizda matbuot erkinligi yo‘q. Ehtimol, anchadan beri yo‘q bo‘lib kelgan… Bizda matbuot tomonidan sukut saqlanishi bor”, — dedi Tramp.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Amerikaning “yolg‘onchi” OAVlari Demokratik partiyadan prezident lavozimiga nomzod Jo Baydenning “poraxo‘rligi”ni e’tiborsiz qoldirishga yoki yashirishga harakat qilmoqda.
Avvalroq New York Post gazetasi Jo Baydenning o‘g‘li Xanterning Burisma Ukraina energetika kompaniyasi top-menejeri Vadim Pojarskiy bilan elektron yozishmalariga asoslangan maqolani chop etgan edi. O‘z xatlarida Pojarskiy go‘yoki kichik Baydenga uning otasi bilan uyushtirilgan uchrashuv uchun minnatdorlik bildirgan va u o‘z lavozimidan Burisma’ga yordam berish uchun qanday foydalana olishi mumkinligini so‘ragan.
Gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, bu yozishma Delaver shtatida tuzatish uchun ustaxonaga berilgan kompyuterning qattiq diskidan olingan.
Bu maqola e’lon qilingach, Tramp Baydenni yolg‘onchilikda va poraxo‘rlikda aybladi. Prezident, shuningdek, Jo va Xanter Baydenlarni qamatishga da’vat etib, FQBdan ushbu ish bo‘yicha tekshiruv olib borishni talab qildi.
Avvalroq Donald Tramp saylovdagi asosiy raqibi Jo Bayden emas, balki OAV bo‘lishini aytgandi.
Mavzuga doir: AQShda prezident saylovlarida ovoz berish boshlandi
Izoh (0)