Moskvaning “Lokomotiv” klubi yarim himoyachisi Jasur Jaloliddinov faoliyatini “Tambov”da davom ettiradi.
“Tambov” klubi sport direktori Pavel Xudyakov o‘zbekistonlik futbolchi ijaraga olinayotganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, “Tambov” Jasurni sotib olish huquqisiz mavsum oxirigacha ijaraga oladi. Shu bilan birga “Lokomotiv” Jaloliddinovning maoshini to‘liq qoplaydi.
“Tambov” RPL 10-turidan keyin 8 ochko to‘plagan holda 13-o‘rinda ketmoqda.
Avvalroq “Lokomotiv” legionerlarga qo‘yilgan limit tufayli Jasurni Rossiya chempionati qaydnomasidan o‘chirgandi. Shuningdek, moskvaliklar Chempionlar Ligasi qaydnomasiga ham o‘zbekistonlik futbolchini kiritmadi.
Jasur Jaloliddinov — 2002-yil 15-mayda Navoiyda tug‘ilgan. 2018-yil 2-avgust sanasida “Bunyodkor” safida Superliga doirasida debyut o‘yinini “Qo‘qon-1912”ga qarshi o‘tkazgan. U debyut qilgan vaqtda 16 yosh 80 kunlik edi. Bu orqali u O‘zbekiston chempionatida maydonga tushgan eng yosh futbolchiga aylangandi. 2019-yil oktabrida The Guardian talqiniga ko‘ra, dunyoning eng iste’dodli 60 futbolchisi ro‘yxatida qayd etilgan. 2019-yil yakunlariga ko‘ra, Superliganing eng yaxshi o‘yinchisi deb topilgan. 2019-yil dekabrida Italiyaning “Benevento” klubi ko‘rigida bo‘lgan.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)