Rossiya poytaxti Moskva shahri maktablarida yangi o‘quv yili reja asosida 1-sentabrda boshlanadi, biroq sanitariya-epidemiologik talablarga rioya qilish kerak bo‘ladi. Bu haqda shahar meri Sergey Sobyanin ma’lum qildi, deb yozmoqda “Interfaks”.
Shahar merining ma’lum qilishicha, maktab o‘quvchilaridan niqob taqish talab qilinmaydi.
“O‘ylaymanki, maktablarda hech qanday ommaviy tadbirlar o‘tkazilmaydi, shu jumladan, kunlik yig‘ilishlar ham”, — deya ta’kidlagan Sobyanin “Rossiya 24” kanaliga bergan intervyusida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, maktablar ishiga “Rospotrebnadzor” tomonidan belgilangan aniq talabalar qo‘yiladi va ular barcha o‘qituvchi, o‘quvchi va ota-onalarga tushuntiriladi. Talablar qatoridan doimiy dezinfeksiya, maktabga kirishda haroratni o‘lchash, o‘qituvchilar va o‘quvchilar holatini kuzatish, maktab ichidagi harakatlanishga cheklovlar o‘rin oladi.
Merning aytishicha, o‘quvchilar mashg‘ulotlarni bitta sinfda o‘tadi. Kimyo, fizika kabi fanlar bo‘yicha maxsus mashg‘ulotlar uchun boshqa xonalarga o‘tiladi. Shuningdek, ma’lum cheklovlar maktab oshxonalari uchun ham amal qiladi.
Uning aniqlik kiritishicha, o‘quvchilardan niqob taqish talab qilinmaydi. Agar o‘quvchining o‘zida xohish bo‘lsa yoki ota-onasi talab qilsa, niqob taqishi mumkin bo‘ladi.
Izoh (0)