“Daryo”ni Telegram’da o‘qing! Join!
00:18, 05.08.2020 139939

O‘zbekistonda 4-avgust kuni 746 kishida koronavirus aniqlandi. Yetti kishi vafot etgani ma’lum bo‘ldi

O‘zbekistonda 3-avgust soat 23:30 dan 4-avgust soat 23:30 ga qadar koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 746 ta holat qayd etildi. Ketma-ket to‘rtinchi kun kunlik kasallanish holati 700 dan yuqori bo‘lmoqda. 1-avgustda 774 kishining kasallanishi hozircha antirekord hisoblanadi. Yangi holatlardan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 27047 nafarga yetdi. O‘zbekistondagi barcha kasallanish holatlarining 2,75 foizi 4-avgustga to‘g‘ri keldi.

SSV hisobi bo‘yicha 165, “Daryo” hisobi bo‘yicha 174 kishi koronavirus asoratlaridan vafot etgan.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallanganlarning

  • 23 nafari xorijdan kelib karantinga olinganlar orasida (bari O‘rtasaroy karantin zonasida);
  • 723 nafari tana harorati ko‘tarilganligi tufayli profilaktika maqsadida hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida (Toshkent shahrida — 489 nafar, Toshkent viloyatida — 157 nafar, Samarqand viloyatida — 31 nafar, Xorazm viloyatida — 14 nafar, Navoiy viloyatida — 14 nafar, Qashqadaryo viloyatida — 11 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 5 nafar, Andijon viloyatida — 2 nafar) aniqlangan.

Kun davomida 8 ta hududda koronavirus yuqtirib olish holati qayd etildi. 27-iyuldan so‘ng bir kunda 9 tadan 12 tagacha hududda koronavirus yuqtirib olish holatlari kuzatilayotgandi.

Toshkent shahrida 489 kishida koronavirus aniqlandi. Bu Toshkent shahrida bir kunda kasallik aniqlanishi bo‘yicha antirekord hisoblanadi. Bungacha 1-avgust kuni 484 kishida koronavirus qayd etilishi eng yuqori natija bo‘lib turgandi. O‘rtasaroy karantin zonasida holatlar bilan birga Toshkent shahrida koronavirusga chalinish holatlari 16 mingdan oshdi.

Toshkent viloyatida 157 kishida koronavirus qayd etildi. Viloyatda 26-iyuldan beri har kuni koronavirusga chalinganlar soni 100 nafardan oshmoqda (ikki marta 200 tadan ham oshdi). Avgust oyining 4 kuni ichida Toshkent viloyatida 725 kishida koronavirus aniqlandi. Solishtirish uchun, SSV jadvalidagi 14 ta hududdan yarmida epidemiya mavsumi boshidan beri kasallanish holatlari 700 taga ham yetmagan. Hozirda viloyatda 3451 kishida koronavirus qayd etilgan, bu aholisi deyarli 70 millionga teng Tailanddagi barcha kasallanish holatlaridan (3321) ham ko‘p.

Samarqand viloyatida 31 kishida koronavirus qayd etildi. 3 kun ichida viloyatda 187 kishida koronavirus aniqlandi. Hozirda Samarqandda umumiy kasallanganlar soni 1125 nafarga yetdi. Samarqand Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan so‘ng koronavirusga chalinganlar soni 1100 nafardan oshgan, kasallikdan tuzalganlar soni 1000 nafardan oshgan 3-hudud bo‘ldi.

Xorazm viloyatida 14 kishida koronavirus aniqlandi. 1,5 oy ichida birinchi marta Xorazmda ketma-ket ikkinchi kun yangi kasallanish holatlari qayd etilmoqda. Bir kun oldin 11 kishida koronavirus aniqlangandi.

Navoiy viloyatida ham 14 kishida koronavirus qayd etildi. Oxirgi 11 kun ichida Navoiyda faqat 3-avgust kuni kasallik aniqlanmadi. Navoiyda koronavirusga chalinganlar orasida viloyat hokimi Qobul Tursunov ham bor. U 8 kundan beri Toshkentda davolanmoqda.

Qashqadaryo viloyatida 11 kishida koronavirus aniqlandi. Viloyatda 28-iyuldan beri har kuni yangi kasallanish holatlari kuzatilmoqda. 3-avgustdan boshlab Qashqadaryoda karantin cheklovlari yengillashtirilishni boshlagan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 5 kishida koronavirus qayd etildi. Respublikada 28-iyuldan beri har kuni yangi kasallanish holatlari kuzatilmoqda.

Andijon viloyatida 2 kishida koronavirus aniqlandi.Viloyatda so‘nggi 19 kun ichida faqat 25-iyul kuni yangi holatlar aniqlanmadi. Ushbu kunlar ichida eng kam kasallanish holati 9 tadan kamaymagandi.

O‘lim holatlari va ahvoli og‘ir bemorlar

4-avgust kuni SSV Toshkent shahrida 4 nafar, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida 1 nafardan, jami 6 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etgani haqida xabar qildi. Shuningdek, Buxoro xalqaro aeroporti direktori Tohir Bahronov ham koronavirusga chalingach vafot etgani ma’lum bo‘ldi.

Birinchi o‘lim. Toshkent shahri Mirobod tumanida yashagan 80 yoshli O.A. ismli erkak 28-iyul kuni Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan.

Xastalik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, gipertoniya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Bemor o‘tkir nafas, yurak qon-tomir va poliorgan yetishmovchiligidan vafot etgan.

Ikkinchi o‘lim. Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanida yashagan 41 yoshli F.T. ismli erkakda COVID-19 infeksiyasi tasdiqlangach, Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan.

Xastalik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi, o‘pka shishi, o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi kabi asoratlar bilan kechgan. Shuningdek, bemor qandli diabet, yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, gipertoniya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, o‘tkir respirator distress sindromi, o‘pka shishidan vafot etgan.

Uchinchi o‘lim. Buxoro xalqaro aeroporti direktori, sobiq senator Tohir Bahronov 3-avgust kuni 61 yoshida vafot etdi.

Telegram’dagi kanallarda Bahronovning koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida vafot etgani haqida xabarlar tarqalgan edi. “Gazeta.uz”ning Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmatiga tayanib xabar berishicha, Bahronovga haqiqatan ham koronavirus infeksiyasi tashxisi qo‘yilgan. Ushbu o‘lim holati yuzasidan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan axborot berilmagan.

Tohir Bahronov 1959-yil 21-aprelda Buxoro shahrida tavallud topgan. U 1986-yilda Buxoro davlat pedagogika institutini, 1996-yilda Sankt-Peterburg fuqaro aviatsiyasi akademiyasini (sirtdan) tugatgan. Mehnat faoliyatini 1976-yilda Buxoro suv xo‘jaligi boshqarmasi kinomexanigi yordamchisi sifatida boshlab, Buxoro “XATP-11” avtokorxonasi haydovchisi (1977—1978), Buxoro aviaotryadining tashish bo‘limi dispetcheri (1980—1982), Buxoro shahar aviaagentligi boshlig‘i (1982—1985), Buxoro aeroporti yo‘lovchilar tashishni tashkil qilish xizmati boshlig‘i, direktor o‘rinbosari (1985—1997) lavozimlarida ishlagan.

U 1997-yildan buyon “Buxoro xalqaro aeroporti” DUK direktori lavozimida ishlab kelayotgandi. Shuningdek, Oliy Majlis deputati (1999—2004), Xalq deputatlari Buxoro viloyati kengashi deputati (2014—2019), Oliy Majlis Senati a’zosi (2014—2019) bo‘lgan.

To‘rtinchi o‘lim. Toshkent shahri Uchtepa tumanida yashagan 64 yoshli A.A. ismli erkakda COVID-19 infeksiyasi tasdiqlangach, ahvoli og‘ir bo‘lganligi sababli joriy yil 27-iyul kuni Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, gipertoniya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Bemor o‘tkir nafas, yurak qon-tomir va poliorgan yetishmovchiligidan vafot etgan.

Beshinchi o‘lim. Sergeli tumanida yashagan 30 yoshli B.A. ismli erkakda 26-iyul kuni COVID-19 infeksiyasi alomatlari kuchaygan va nafas yetishmovchiligi og‘irlasha boshlagach, u ham Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas yetishmovchiligi asoratlar bilan kechgan.

Bemor o‘tkir nafas, yurak qon-tomir va poliorgan yetishmovchiligi, o‘tkir respirator distress sindromidan vafot etgan.

Oltinchi o‘lim. Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida yashagan 56 yoshli L.R. ismli ayol vafot etgan.

Yettinchi o‘lim. Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida yashagan 42 yoshli Sh.X. ismli erkak vafot etgan.

Bir kun avval SSV viloyatlarda koronavirus asoratlaridan vafot etayotganlarda qaysi kuni kasallik aniqlangani haqida axborot bermayotganini qayd etgandik. 4-avgustda vafoti e’lon qilingan oxirgi ikki bemor haqida SSV yanada kamroq ma’lumot taqdim etdi. Ular kasallikni qachon yuqtirib olgani, qayerda davolangani va qayerda vafot etgani haqida SSV ma’lumot bermadi. Faqat marhumning ism-sharifi, yoshi, jinsi yashagan joyi haqidagina axborot berildi. Ancha oldin vazirlik marhumlar qaysi kuni vafot etgani haqidagi ma’lumotlarni berishni to‘xtatgandi.

Hozirgacha Sog‘liqni saqlash vazirligi 165 kishining koronavirus asoratlaridan vafot etganini xabar berdi. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirusga chalingach, vafot etganlar soni 174 nafarni tashkil etmoqda. Davlat xizmatlari agentligi 15-iyul kuni Navoiy viloyatidagi 61 yoshli xodimi Adhamjon Dehqonov, Madaniyat vazirligi esa 18-iyul kuni 32 yoshli xodimi Akmal Irisov koronavirus asoratlaridan vafot etgani, Olmaliq shahri hokimligi 9 va 15-iyul kunlari shahar shifoxonalarida vafot etgan ikki ayolda koronavirus tasdiqlangani haqida xabar bergan. Shuningdek, 19-iyul kuni Chilonzor tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bakteriologiya laboratoriyasi mudiri 62 yoshli Marhabo Ahmedova, 22-iyulda Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlayotgan 66 yoshli Hakimbay Xalimov koronavirus asoratlaridan vafot etgani xabar qilingan. 31-iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi sudyasi, 53 yoshli Xayriddin Shermuhamedov, 1-avgust kuni Toyloq tumani prokurori Farhod Abduxoliqov, 3-avgust kuni Buxoro xalqaro aeroporti direktori Tohir Bahronov 61 yoshida vafot etgani xabar berildi. Biroq ushbu to‘qqiz holat haqida SSV tomonidan ayni vaqtgacha axborot berilmagan.

Taniqli rejissor Sarvar Karimov ham 17-iyul kuni otasi koronavirus infeksiyasidan vafot etgani, ammo unga tashxis qo‘yilmaganini ma’lum qilgandi. Rejissorning o‘zi va uning boshqa oila a’zolarida koronavirus tasdiqlangan. Shuningdek, 26-iyul kuni bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov 24-iyul kuni Samarqanddagi Ipak yo‘li xalqaro turizm universitetining 33 yoshli magistranti O‘tkir Temirov kasallikdan vafot etganini aytgan. Ma’lum bo‘lishicha, marhum o‘zida COVID-19’ning barcha belgilari bo‘lsa-da, test ham topshira olmagan, kasalxonaga ham yota olmagan. Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumani shifoxonasining 32 yoshli tez tibbiy yordam hamshirasi Aliya Jiyemuratova 28-iyul kuni koronavirusdan vafot etgani haqida “Makan.uz” xabar tarqatdi.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 8 831 nafar bemordan 619 nafari og‘ir, 155 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. Bir kun avval og‘ir va o‘ta og‘ir ahvoldagi bemorlarning umumiy soni 779 nafardan 1151 nafarga (deyarli 50 foiz) ko‘paygandi. Endi esa 1151 nafardan 774 nafarga tushdi. 4-avgustda esa SSV faqat 6 kishining vafoti haqida xabar berdi.

Kasallikdan davolanish

4-avgust kuni 789 nafar bemor koronavirusdan tuzaldi. Ularning

  • 340 nafari Toshkent shahrida;
  • 181 nafari Toshkent viloyatida;
  • 88 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasida;
  • 87 nafari Samarqand viloyatida;
  • 34 nafari Qashqadaryo viloyatida;
  • 20 nafari Surxondaryo viloyatida;
  • 19 nafari Namangan viloyatida;
  • 12 nafari Xorazm viloyatida;
  • 6 nafari Andijon viloyatida;
  • 2 nafari Farg‘ona viloyatida kasallikdan forig‘ bo‘ldi.

Ularning qanchasi uy sharoitida, qanchasi statsionar sharoitda davolanganiga aniqlik kiritilmagan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi sabab sog‘liqni saqlash tizimiga tushayotgan yuklamani bir qadar yengillatish maqsadida 5-iyuldan boshlab koronavirus infeksiyasi alomatsiz kechayotgan bemorlarga uy sharoitida davolanishga ruxsat berilgan. Kuni kecha SSV koronavirusga chalingan bemorlarni uy sharoitida davolash bo‘yicha asosiy tavsiya va qoidalar ham taqdim etgandi.

Koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni uy sharoitda davolash bo‘yicha asosiy tavsiya va maslahatlar

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalinganlarga doir axborotlarida yangi bemorlarning qanchasida kasallik alomatsiz (simptomsiz) kechayotganiga aniqlik kiritmayapti, shu boisdan ayni vaqtda koronavirusdan davolanayotgan bemorlarning qanchasi kasalxonalarda qolayotgani, qanchasi uy sharoitida davolanayotgani ma’lum emas.

Qashqadaryo viloyati hokimi Zoir Mirzayevning so‘zlariga ko‘ra, endi viloyatda koronavirusga chalingan bemorlar endilikda uy sharoitida emas, statsionar sharoitda davolanadi. “O‘rganishlar shuni ko‘rsatyaptiki, uyda davolanishdan ko‘ra statsionar sharoitda davolanish ancha ishonchli va samarali. Qolaversa, viloyatda yaratilgan zaxira o‘rinlaridan tashqari shifoxonalarda koronavirusni davolash uchun ajratilgan o‘rinlar soni ham, dori-darmon zaxirasi ham yetarli”, — dedi Zoir Mirzayev.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 27 047 nafar bemordan 18 051 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 66 foizni tashkil etmoqda. Oxirgi marta 1 oy oldin — 4-iyul kuni davolanish ko‘rsatkichi 66 foiz bo‘lgan. Shundan so‘ng bu ko‘rsatkich faqat tushib, 23-iyulda 53 foizgacha tushib ketgandi.

Hozirda eng ko‘p bemor Toshkent shahrida davolanmoqda — 6722 nafar. Jizzaxda 13, Farg‘onada 22, Navoiyda 51, Xorazmda 50, Qoraqalpog‘istonda 60, Andijonda 86, Sirdaryoda 97, Samarqandda 107, Qashqadaryoda 109, Surxondaryoda 111, Namanganda 126, Buxoroda 143 va Toshkent viloyatida 1134 nafar bemor qoldi.

Prezident selektori

Shavkat Mirziyoyev 4-avgust kuni videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Ushbu yig‘ilishda bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayevga bir hafta muddatda yetakchi olimlar va tajribali shifokorlar bilan maslahatlashgan holda vaksinani xarid qilish va O‘zbekiston aholisi vaksinatsiyasini amalga oshirish yo‘llarini puxta o‘rganib chiqish topshirig‘i berildi.

Shuningdek, kasallikning oldini olish, koronavirusga shubha bo‘lgan fuqarolarni shifoxonalarga yetkazish, karantin talablarini tushuntirish va bu jarayonda jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda joylarda mahalla idoralarining ishtirokini keskin kuchaytirish kerakligi uqtirildi.

Respublika bo‘yicha 9 ming 150 ta mahallada qariyb 40 ming odam budjetdan oylik olib ishlaydi. Ularning oyliklarini ham joriy yilda qariyb 1,5 barobarga oshirib berdik. Shunday og‘ir sharoitda nima uchun ular chetda turishlari kerak? O‘z aholisining ahvolidan yaxshi xabardor bo‘lgan, qaysi xonadonda qanday bemor borligini, kimning yashash sharoiti qandayligini, kim yordamga, kim vrachga muhtojligini ulardan yaxshi biladigan boshqa odamning o‘zi yo‘q pastki tizimda.

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Prezidenti

Buning uchun hokimlar va sektorlar rahbarlari har bir mahallada mahalla raislari, profilaktika inspektori va boshqa xodimlar, mahalla faollari va nuroniylar, mahallalarga biriktirilgan tibbiyot muassasalari xodimlarini birlashtirib, o‘z hududidagi aholi, ayniqsa, keksalar holidan har kuni xabar olish, koronavirusga shubha bo‘lgan va kasallikka chalinganlarni tez tibbiy yordam xizmati va shifokorlar bilan bog‘lashni tashkil etishga bosh-qosh bo‘lishlari shartligi tayinlandi.

Izoh qoldirishdan avval, qoidalar bilan tanishib oling: http://dy.uz/QbkeZ

Boshqa yangiliklar