O‘zbekistonda 19-iyun soat 23:00 dan 20-iyun soat 23:00 gacha koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 207 ta holat qayd etildi. O‘zbekistonda uchinchi marta bir kun ichida 200 dan ortiq odamda koronavirus aniqlanishi yuz berdi. 7-iyunda 237 kishida, 16-iyunda 230 kishida koronavirus aniqlangandi. Hozirgacha O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlar soni 6000 nafardan oshdi. Bemorlar soni 5000 dan 6000 ga yetishi uchun 6 kun kerak bo‘ldi. 20-iyun kuni aniqlangan yangi holatlardan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 6153 nafarga yetdi.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallanganlarning

  • 179 nafari karantin muassasalarida;
  • 19 nafari aholi orasida (Toshkent shahrida — 13 nafar, Toshkent viloyatida — 4 nafar, Surxondaryo viloyatida — 1 nafar, Xorazm viloyatida — 1 nafar);
  • 9 nafari xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilari orasida (ularning bari Toshkent viloyatida) aniqlangan.

Kun davomida 6 ta hududda yangi kasallanganlar qayd etildi. Ushbu hududlarning 4 tasida aholi orasida koronavirus aniqlandi.

Toshkent shahri yana aholi orasida eng ko‘p koronavirus aniqlangan hudud bo‘ldi. Poytaxt aholisi orasida 13 kishi kasallikni yuqtirib olgan. Toshkentda bir kun oldin 24 kishida koronavirus aniqlangandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ularning ayrimlari haqida ma’lumot berdi. Jumladan, Chilonzor tumanidagi savdo do‘koni sotuvchisida (Sergeli tumanida istiqomat qiladi, 18-iyundan tana harorati ko‘tarilgach, shifokorga murojaat qilgan), Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi fuqaro hamda uning o‘g‘li va qizida, poytaxtda bo‘lib turgan Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida yashovchi fuqaroda (profilaktika maqsadida Toshkent shahar SEOM laboratoriyasiga namuna topshirgan), Uchtepa tumanida yashovchi 3 nafar nafaqada bo‘lgan fuqarolarda hamda Yunusobod tumanidagi bir oilaning 6 nafar a’zosida (tana harorati ko‘tarilgach, tumandagi 52-oilaviy poliklinikaga murojaat qilgan) kasallik qayd etilgan.

Shuningdek, Yunusobod tumanida 4 kun ichida ikki nafar farzandining nikoh to‘yini o‘tkazgan oilaning yangi kelini va marosimda ishtirok etgan 12 kishi koronavirus yuqtirib olgani ma’lum qilindi. Ushbu holatdan so‘ng yuzlab odamlar karantinga olingan.

Toshkent viloyatida 24 ta yangi holat qayd etildi. Ularning 11 nafari kasallikka chalinganlar bilan muloqotda bo‘lganlar orasida, 9 nafari xalqaro yuk tashuvchi mashina haydovchilarida va 4 nafari aholi orasida aniqlandi. Toshkent viloyati ham aholi orasida tez-tez kasallik aniqlanib turadigan hududlardan biri hisoblanadi. 16-iyundan beri uzluksiz ravishda viloyatda har kuni aholi orasida koronavirus yuqtirib olish holati qayd etilmoqda. Bir kun avval Chirchiq shahar hokimligi sektori ish yurituvchisida (profilaktika maqsadida namuna olingan) hamda O‘rta Chirchiq tumani tug‘ruq bo‘limidagi bemorda ham koronavirus infeksiyasi tasdiqlangani ma’lum qilingandi.

Xorazm viloyatida oxirgi vaqtlarda kasallik aniqlansa, kamida 10 kishidan koronavirus chiqmoqda. 15-iyun kuni 10 kishida, 19-iyun kuni 12 kishida, 20-iyunda esa 13 kishida koronavirus aniqlandi. Yangi holatlarning 12 tasi koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olingan fuqarolar orasida, 1 tasi aholi orasida qayd etildi.

Surxondaryo viloyatida 4 ta yangi holat qayd etildi. Shundan 3 nafari koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olingan fuqarolar orasida, 1 nafari aholi orasida aniqlandi.

Samarqand viloyatida qayd etilgan 4 ta va Sirdaryo viloyatida qayd etilgan 2 ta holatning barchasi koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olingan fuqarolar orasida aniqlandi.

Kasallikdan davolanish

20-iyun davomida 17 nafar fuqaro sog‘aydi. Ularning barchasi Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalarida shifo topdi. Davolangan bemorlar soni boshqa kunlarga nisbatan ancha kam bo‘ldi. Iyun oyida bundan ham kam bemor davolanishi faqat bir marta sodir bo‘lgandi. 8-iyunda shifoxonalardan 3 nafar bemor sog‘ayib chiqqandi.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 6153 nafar bemordan 4290 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 69 foizni tashkil etmoqda. Bu boradagi ko‘rsatkich 5-maydan so‘ng birinchi marta 70 foizdan tushib ketdi.

17-iyun kuni shifoxonalardagi bemorlar soni birinchi marta 1500 nafardan oshgandi, 19-iyunda ularning soni 1600 nafardan oshgan bo‘lsa, 20-iyunga kelib ularning soni 1800 nafardan ham oshdi. Ayni vaqtda shifoxonalardagi 1844 nafar bemordan 1464 nafari Toshkentdagi tibbiyot muassasalarida davolanmoqda (Sirdaryo viloyatidagi bemorlar ham Toshkent shahriga o‘tkazilgan). Qolgan 380 nafar bemor mamlakatning 9 hududidagi shifoxonalarda davolanmoqda.

Qoraqalpog‘istonda 6, Andijonda 8, Surxondaryoda 19, Samarqandda 21, Buxoroda 27, Namanganda 28, Xorazmda 49, Navoiyda 61 va Qashqadaryoda 161 nafar bemor qoldi. Jizzax va Farg‘ona viloyatlari koronavirusdan xoli hudud bo‘lib turibdi.

Ahvoli og‘ir bemorlar

Ayni paytda O‘zbekistonning o‘nta hududidagi shifoxonalarida davolanayotgan 1844 nafar bemordan 14 nafari og‘ir, 1 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. Bir sutka ichida ahvoli og‘ir va ahvoli o‘ta og‘ir bemorlar sonida o‘zgarish yuz bermadi. Ammo 20-iyun soat 10:00 holatiga ko‘ra, ahvoli og‘ir bemorlar soni 15 nafarni tashkil etayotgandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi fuqarolarni ogohlikka chaqirdi va koronavirusga chalinib, nafas yetishmovchiligidan qiynalayotgan 49 yoshli bemorning videosini e’lon qildi.

15-martda epidemiya boshlanganidan beri O‘zbekistonda 19 nafar bemor COVID-19 asoratlari oqibatida vafot etgan. Iyun oyining o‘zida 4 nafar bemor vafot etdi.

Karantindagilar

Hozirda O‘zbekistonda uy karantinida 37 812 nafar, statsionar karantinda esa 23 015 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvda bo‘lib turibdi. Bir kun ichida uy karantinidagi fuqarolar soni 4211 nafarga, statsionar karantindagi fuqarolar soni 140 nafarga ko‘paydi. Uy karantinidagi fuqarolar soni bir kunda 4 mingdan ortiqqa ko‘payishi iyun oyida kuzatilmagandi.