Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda koronavirus infeksiyasiga chalinib, uy sharoitida davolanayotgan insonlarning kislorod ballonlaridan foydalanishga urinayotgani bilan bog‘liq turli xabarlar tarqalgani yuzasidan tushuntirish berdi.
Ma’lum qilinishicha, uy sharoitida tibbiyot xodimlari nazoratisiz kislorod ballonidan foydalanish mumkin emas.
“Tibbiyot maqsadlarida ishlatiladigan siqilgan kislorodning xavfli omillari bor. Bu uning tez yonish xususiyati, yong‘in va portlash xavfi bilan bog‘liqligi hamda kutilmagan favqulodda vaziyatlarni keltirib chiqarishi mumkin”, — deyiladi xabarda.
Shu munosabat bilan Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi fuqarolardan ushbu turdagi qo‘lbola va tibbiyot xodimlari nazoratida bo‘lmagan kislorod ballonlaridan foydalanmaslikka chaqiradi.
Avvalroq O‘zbekistonda kislorod beruvchi apparatlar, PZR test, MSKT bor klinikalarda onlayn navbatni tashkil qiluvchi Telegram-bot ishga tushirilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)