Xitoylik olimlarning yangi cho‘chqa grippi — G4 pandemiyani keltirib chiqarishi mumkinligi haqidagi ma’lumotlari yetarli asoslarga ega emas. “Interfaks”ning xabar berishicha, bu haqda Xitoy TIV vakili Chjao Litszyan 1-iyul kuni ma’lum qildi.
“Ekspertlar ushbu hisobotdagi materiallar hajmi unchalik katta va reprezentativ emas, degan xulosaga keldi”, — deb aytgan u.
Shuningdek, u tegishli idoralar va Xitoy mutaxassislari ushbu kasallikni kuzatishda, ogohlantirishlarni e’lon qilishda va unga qarshi o‘z vaqtida kurashishda davom etishini ta’kidlagan.
Avvalroq Amerikaning Proceedings of the National Academy of Sciences jurnalida Xitoy Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi olimlarining G4 cho‘chqa grippi shtammi haqidagi tadqiqot ishlari natijalari e’lon qilingandi. Tadqiqotchilar “G4 virusi yangi gripp pandemiyasini yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan barcha patogen belgilarga ega. O‘z ko‘rinishi bilan u mavsumiy gripp shtammlaridan farq qiladi va odamdan odamga o‘tishi mumkin. Unda 2009-yilda cho‘chqa grippi pandemiyasini yuzaga keltirgan H1N1 virusining barcha belgilari mavjud”, deb aytgandi.
Mavzuga doir: COVID-19 o‘zidan oldingi viruslarga qaraganda qanchalik xavotirli? So‘nggi yigirma yillikning eng xavfli epidemiyalari
Virus hayvondan odamga yuqishi mumkinligi va uning odamdan odamga yuqishi haqida hech qanday dalil yo‘q bo‘lsa ham, olimlar virus oxir-oqibat odamga moslashishi va odamlar orasida tarqalishi mumkinligidan xavotirda.
Izoh (0)