Tojikistonda koronavirusga qarshi kurash shtabining qarori bilan mamlakatda 20-iyundan boshlab to‘ylarni o‘tkazishga ruxsat berildi. Bu haqda Asia-Plus xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, to‘y marosimlarini restoranlarda, kafelarda yoki uyda 100 kishi ishtirokida va sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilgan holga o‘tkazishga ruxsat beriladi.
Koronavirus pandemiyasi sababli Tojikistonda to‘ylarni o‘tkazish 30-martdan boshlab taqiqlangandi, biroq nikoh tuzishga taqiq qo‘yilmagan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Tojikistonda koronavirus bilan kasallanganlar soni 5160 kishiga yetdi. Mamlakatda hozirga qadar 50 kishi COVID-19 qurboniga aylangan, 3624 bemor davolanishga muvaffaq bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida 23-martdan boshlab to‘y-marosimlarning o‘tkazilishi bekor qilingan edi. Respublika maxsus komissiyasining 30-maydagi qarori bilan 1-iyundan boshlab “yashil” hududlarga oilaviy tantana, to‘y, ma’raka va marosimlarni faqat uylarda o‘tkazishga ruxsat berildi.
Izoh (0)