O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-aprel, chorshanba kuni, pandemiya davrida aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlash va narx-navo barqarorligini saqlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbir avvalida Prezident 27-aprel kechasi Buxoro, Navoiy, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlarida yuz bergan tabiiy ofat va uning oqibatlarini bartaraf etish chora-tadbirlariga hamda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash doirasida mamlakatda amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi, keng jamoatchilikka murojaat qildi.
“Xabaringiz bor, men kecha Buxoro viloyatida bo‘lib, yuzaga kelgan vaziyat bilan yaqindan tanishdim. Bu masala bo‘yicha tuzilgan Respublika komissiyasi va joylardagi mas’ul mutasaddilar bilan birgalikda ushbu hududlarda amalga oshiriladigan barcha ishlarni batafsil muhokama qilib, tegishli chora-tadbirlarni belgilab oldik”, — dedi Prezident.
Ta’kidlanishicha, mazkur viloyatlarda bir qator ijtimoiy soha obyektlari, tabiiy gaz va elektr tarmoqlariga, turar-joy binolari va madaniy meros inshootlariga, shuningdek, qishloq xo‘jaligi maydonlariga jiddiy talafot yetgan.
Shavkat Mirziyoyevning qayd etishicha, davlat, hukumat tomonidan tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan tashkilot va xo‘jaliklarga, fuqarolarga yordam va ko‘mak berish bo‘yicha barcha chora-tadbirlar o‘z vaqtida amalga oshiriladi.
“Takror aytaman, birorta ham yurtdoshimizni, birorta ham oilani ushbu kutilmagan falokat qarshisida yolg‘iz qoldirmaymiz”, — deya ta’kidladi Prezident.
Eslatib o‘tamiz, 27-aprel kuni yuz bergan kuchli shamolning oqibatlari bilan tanishish va zarar ko‘rgan aholi bilan muloqot qilish uchun Shavkat Mirziyoyev 28-aprel kuni Buxoro viloyatiga tashrif buyurdi. Prezident tabiiy ofatdan Olot va Qorako‘l tumanlariga yetgan zararni vertolyotda kuzatdi hamda mahalliy aholi bilan muloqot qildi. Davlat rahbari tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan aholiga har tomonlama ko‘maklashish bo‘yicha topshiriq berdi hamda Allohdan O‘zbekistonni turli balo-ofatlardan asrashini so‘rab duo qildi.
Izoh (0)