“Daryo” o‘tayotgan haftada dunyo matbuotida keng yoritilgan, ko‘pchilikning qiziqishiga sabab bo‘lgan maqolalar sharhiga to‘xtalib o‘tadi.
Ruzvelt va To‘qayev siyosatidagi o‘xshashliklar
Vazifasini bajarishga kirishganiga bir yil to‘lishiga sakkiz hafta qolganda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev keng miqyosli islohotlar loyihasini ishlab chiqish boshlanganini e’lon qildi va buni Yangi iqtisodiy yo‘l deb atadi, deb yozadi “KazPravda” nashri.
Yangi yo‘l eskisini inkor qilishni bildirmaydi. Vorisiylik o‘tgan 30 yil ichidagi qozoq davlatchiligining asosi bo‘lib qolaveradi. Shu o‘tgan 30 yil vaqt mobaynida davlat hokimiyati institutlari va an’analari yuzaga keldi, rivojlandi, iqtisodiy asos yaratildi, yangi avlod paydo bo‘ldi. Hozirgi dunyodagi o‘zgarishlar oldingi dunyodagisidan keskin farq qilishi tufayli Yangi iqtisodiy yo‘lga ehtiyoj paydo bo‘ldi.
30 yil avval nafaqat qozoqlar, balki butun dunyodagi aksar odamlar kompyuter texnologiyalaridan foydalanishni bilmas edi. Bugun qozog‘istonliklar internet savdosini yaxshigina o‘zlashtirdi, ijtimoiy tarmoqlarda faol, chet elga sayohat qilishda muammolar yo‘q. Global hamjamiyatning bir qismi bo‘lish bugun millatlar iqtisodiyotiga va raqobatbardoshlikka yangi talablar qo‘ymoqda.
Prezident To‘qayev e’lon qilgan dastur mazmun-mohiyatiga ko‘ra Buyuk inqiroz davrida AQSh prezidenti Ruzvelt e’lon qilgan Yangi yo‘l siyosatiga o‘xshash. Ruzveltning bu siyosati buyuk inqiroz davrida o‘rta sinf vakillarini paydo qilishga qaratilgan edi. Bugungi iqtisodiy murakkab davrda To‘qayev ham Ruzveltning g‘oyasini o‘zining yangi siyosiy-iqtisodiy dasturida aniq belgilab olgan ko‘rinadi.
Iqtisodiyotga davlat aralashuvini tanqid qilishganda Ruzvelt tanqidchilarga qarata “oldindan egallab olingan marrada turib kamchiliklarni izlovchilar sizga ham, bizga ham kerak emas” degan edi. Qozog‘iston ham bugunda kelishilgan narxlar, monopoliya, soxta raqobat bozoridan aziyat chekmoqda. Natijada Qozog‘istonda ham boylar va qashshoqlar orasidagi tafovut keskinlashmoqda. AQShdagi 100 yil oldingi vaziyatda ham kapitalizm paydo qilgan “biznesning akulalari” shu darajaga borib qolgan ediki, aholi mahsulotlarni sotib ololmay qolgan holatda mulkdorlar mahsulotlarini yoqib yuborish darajasiga yetgan edi.
Franklin Ruzvelt iqtisodiyotni axloqiy jihatdan isloh qilishda aholi doimo ehtiyoj sezadigan mahsulotlar narxini belgilab, daramodlarning axloqiy chegarasini belgilab olishga chaqirdi. Bu qozoq boshqaruvi va baho shaklantirishning tizimiga o‘xshab ketadi. Bunday chora qachondir dunyoning baquvvat iqtisodiyotiga ega bo‘lgan AQShda ham qo‘llanilganini ko‘pchilik bilmaydi ham. Narxlarning yuqori chegarasini belgilash hozirgacha dunyoning rivojlangan mamlakatlarida ham qo‘llaniladi.
Ruzvelt avvalo soliq islohoti borasida amerikalik korchalonlarning nafsoniyatiga tegib ketgni uchun ham tanqid qilingandi. To‘qayev ham o‘z chiqishida “yangi tizim qozoq jamiyatidahi mulkiy farqlanishning oldini olish maqsadida soliq qonunchiligini zamonaviylashtirilayotgani” haqida gapirdi.
Qosim-Jo‘mart To‘qayev buyrug‘iga ko‘ra, ro‘yxatga olingan kam ta’minlangan oilalar uchun ijtimoiy paket va ijtimoiy himoyaga yuz tutayotgan davlatda aholining ijtimoiy kam ta’minlangan qatlami uchun aniq inventarizatsiya o‘tkazilishi kerak. Bundan yuz yilcha avval Ruzvelt ham “shaxsning ozodligi ijtimoiy xavfsizlik va mustaqilliksiz mumkin emas, ehtiyoj va erkinlik bir-biriga mutlaqo zid tushunchalar, ishsizlik va qashshoqlik – diktatura unib-o‘sadigan zamin” ekani haqida gapirgan edi. Shunga ko‘ra, To‘qayev Qozog‘istonni inson resurslari qadrlanadigan davlatga aylantirmoqchi.
Qozoq jamiyati ijtimoiy adolat mexanizmini yaratish imkoniga ega bo‘ladi, mamlakatda kam ta’minlangan oila farzandlari maktabda va oliy o‘quv yurtida o‘qish imkoniga ega bo‘ladi, jinoyatchilik kamayadi, o‘rta sinf vakillari soni ortadi va jamiyatda adolat qaror topadi.
Bu kabi natijaga erishish o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Ruzvelt yo‘l tutgani kabi Qozog‘iston hukumati ham yosh kadrlar tahsil olishida, malaka oshirishida va bilimini mustahkamlashda davom etadigan kadrlarga tayanishi bor gap. Shu sababdan To‘qayev ham yosh kadrlar zaxirasini yaratish dasturiga alohida e’tibor qaratmoqda.
Vaqt – oliy hakam. To‘qayevning Yangi iqtisodiy yo‘li Qozog‘iston ahlining farovonligini ta’minlay oladimi, kuzatamiz.
Texnologiyalar taraqqiyoti ingliz tilining hukmronligini mustahkamlaydimi?
Bugungi dunyo ingliz tilida muloqot qiladi. Xorijiy talabalarning 40 foizi o‘qishini Buyuk Britaniya, AQSh, Avstraliya va Kanada oliygohlarida davom ettiradi. 33 mingta ingliz tilida chop etiladigan ilmiy nashrlar orasida faqat 9 mingtasi boshqa tillarda chop etiladi va bu 9 mingta nashr orasida ham inglzi tilida beriladigan maqolalar soni ortib bormoqda, deb yozadi “Nezavisimaya gazeta” nashri.
2018-yilda Rossiyada ingliz tilida chop etilgan nashrlar soni mamlakatdagi tillarda nashr qilingan nashrlardanda ko‘proqni tashkil qilgan. Milliy maorifda ta’limni rivojlantirishning yagona yo‘li ingliz tili o‘qitilishini rivojlantirishday ko‘rinmoqda.
Ammo neyrotarmoq tarjimalari paydo bo‘lishi vaziyatni o‘zgartirgandek. Statistik tarjimadan farqli ravishda, neyrotarmoq tarjimalari gap tuzilishi bilan ish ko‘radi.
2019-yil bahorida Google kompaniyasi noyob ovozli tarjimon haqida e’lon qildi. U ovozni tanibgina qolmasdan, so‘zlovchining ohangi, so‘z tezligini ham takrorlaydi. Ko‘pgina tarjimonlar kaskad modeli deb tanilgan uslubdan foydalanadi: dastlab tanib olish funksiyasi ishga tushadi, so‘ng matn tarjimasi amalga oshadi, nihoyat tarjima ovozga aylantiriladi. Sinxron tarjimada kaskad modelidan voz kechish nutqning har qanday oraliq bosqichsiz boshlang‘ich audioyozuv yordamida tarjima qilish imkonini beradi. Tajribalardan ma’lumki, yangi algoritm hozirga qadar kaskad modeli qayd etgan darajaga yetib kelgani yo‘q, lekin taraqqiyot oldinda. Ma’lumotlarni hisobga olishda bu yangilik o‘ziga xos ustunlikka ega.
Texnologiyalar rivojlanishi esa til o‘rganishdagi to‘siqlar yo‘q bo‘lishidan dalolat. Hozirda sun’iy intellekt badiiy tarjima darajasiga yetmagan bo‘lsa-da, akademik matnlarni tarjima qilishga asqatadigan bo‘lib qoldi. U qachon mukammal bo‘ladi, vaqt masalasi.
Shunday bo‘lsa-da, savolga javob davlatning maorif sohasidagi strategik siyosatiga ham bog‘liq bo‘lib qolmoqda: davlat maorif sohasiga qay darajada sarmoya kirita oladi va bu sarmoya sun’iy intellektni rivojlantirishga yo‘naltiriladimi?
Qayd etish lozim, o‘quv dasturlarini rus tilida o‘zlashtirishga qodir xorijlik talabalar kamaymoqda. Ijtimoiy tahlillar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2004-yilda rus tilini o‘rganuvchilar soni 51,2 millionni tashkil qilgan bo‘lsa, 2018-yilda bu ko‘rsatkich 38,2 millionga tushib ketgan. Bu ko‘p jihatdan Rossiya yuritayotgan siyosiy kursga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Masalan, Latviya seymi – parlamenti kollej va universitetlarga rus tilida qabul qiladigan yo‘nalishlarni taqiqladi.
Asta-sekin dunyo mamlakatlarida maorif ingliz tiliga o‘tayotgani sezilmoqda. Qozog‘iston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Ukrainada ingliz tilida ta’lim beradigan oliy o‘quv yurtlari tashkil etilmoqda va bu Rossiya yo‘qotishlarga ko‘nikishiga olib kelmoqda.
Rossiya hukumati maorif tizimiga rus tilida o‘qitadigan maktablarni qo‘llab-quvvatlashi uchun 7,4 milliard rubl ajratishni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, Rossiya hukumati MDH mamlakatlarida rus maktablari sonini 2025-yilgacha 165 tadan 225 tagacha yetkazmoqchi.
Buni Rossiyaning rus tilini saqlab qolish borasidagi yumshoq kuchi sifatida qabul qilsa ham bo‘ladi. Bunday strategiya Fransiya hukumati tomonidan Afrika qit’asidagi sobiq koloniyalarda fransuzlarning ta’sirini oshirish maqsadida qo‘llab kelinmoqda. Fransuz tili BMT, YuNESKO va Islom hamkorlik tashkiloti kabi mintaqaviy tashkilotlarda jahon tili sifatida ishlatib kelinmoqda. Ruslar fransuzlardan o‘rnak olgan ko‘rinadi.
Bugunda dunyo bo‘ylab fransuz tilida 274 million kishi muloqot qiladi. Fransiya hukumati fransuz tilini o‘rganish dasturlarini faol tarzda olg‘a surmoqda.
Yosh olimlar masalasiga kelganda, o‘qitishdan tashqari ilmiy kontent yaratish murakkabliklari ham mavjud. Aksar neyrotarjimolar ingliz tilida ishlaydi. Bu nima degani? Deylik, rus tilidan xitoy tiliga biror matnni tarjima qilmoqchisiz, uni avval ingliz tiliga, so‘ng xitoychaga o‘girish kerak bo‘ladi. Bu esa tarjima sifatiga putur yetkazadi.
Ta’limda neyrotarjimonlardan foydalanish boshqa tahdidlarni ham yuzaga keltiradi. Tarjima neyrotarjimon orqali amalga oshishini inobatga olsak, mafkuraviy xurujlarni ham istisno qilmaslik kerak. Natijada ta’lim olayotganlar ma’lumot buzilishi, manipulyatsiya kabi salbiy ta’sirlarga moyil bo‘ladi.
Trampning tinchlik rejasidan kim ko‘proq manfaatdor?
Prezident Donald Tramp Yaqin Sharqdagi tinchlik rejasini e’lon qildi. Bu Isroilga yon beradigan rejadir. Bu falastinliklarni to‘laqonli davlat tuzishdan mosuvo qiladi, deb yozadi The New York Times nashri.
Donald Tramp bu rejadan har ikki taraf ham yutqazmasligini ta’kidlagan bo‘lsa-da, Falastin muxtoriyati rahbariyati rejani darhol rad etdi. Isroil tarafi esa qo‘llab-quvvatlamoqda.
Tramp rejasi Isroil hukumatiga ko‘p yillardan beri orzu qilib keladian imkoniyatlarni beradi. Falastinliklar cheklangan imtiyozlargagina ega bo‘ladi.
Reja amalga oshadigan taqdirda Isroilga Quddusga poytaxt maqomini bera oladi, G‘arbiy qirg‘oqdagi manzilgohlarni buzmaydi. Falastinliklar esa Tramp va’da berayotgan 50 milliard pul bilan cheklanadi. Qaniydi bu oson bo‘lsa.
Falastin prezidenti Mahmud Abbos rejani “maxfiy bitim” deb atadi; u har qachongidan ko‘ra reallikdan uzoqlashib ketganini, nizoni yanada kuchaytirishini aytdi. Ramalloh shahrida qilgan chiqishida Abbos bitimga falastinliklar ming marta yo‘q deyishini ma’lum qildi.
Trampning yangi rejasiga binoan, Isroil to‘rt yil mobaynida yangi manzilgohlar qurish istagidan voz kechish majburiyatini oladigan bo‘ldi.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Isroilga qaytishdan oldin jurnalistlarga Iordan daryosi vodiysi va G‘arbiy qirg‘oqdagi manzilgohlarni bir tomonlama anneksiya qilinishini hukumatidan so‘rashi kerakligini aytdi. Bu javob falastinliklarni yanada g‘azablantirdi. Reja yana bir bor AQSh Isroilni qo‘llab-quvvatlashini isbotladi.
Arab davlalarida yangragan aks sado
Iordaniya tashqi ishlar vazirligi 1967-yilda tuzilgan mustaqil Falastin davlatining sharqiy Quddusdagi chegaralarini qo‘llab-quvvatlashini va Isroilning bir taraflama tuzilgan bitimi asosida Falastin yerlari anneksiya qilinishi borasidagi xavotirlarini ma’lum qildi.
BAAning AQShdagi elchisi Yusuf al-Utayba rejani “muhim tashabbus” deya nomladi.
Saudiya Arabistoni esa Tramp rejasini “uzoq vaqtdan beri hal etilmay kelayotgan muammoning yuksak yechimi” sifatida baholadi.
Tramp rejasi falastinliklardan ko‘ra Isroilga manfaatliroqdir. Sababi, Falastin armiyaga ega bo‘lmasligi, zo‘ravonlikdan voz kechishi, HAMAS sirasiga kiruvchi harbiy guruhlarni tarqatib yuborish kerak. Bu esa, qanday bo‘lmasin, Falastin rahbariyatini bo‘lg‘usi muzokaralarda yo‘q deyishga majbur qilishdir.
Reja boshida turgan Trampning kuyovi Jared Kushner Falastin rahbarlarini “oliftalik qilmay” rejani ma’qullashga chaqirdi. Donald Tramp esa chiqishida bu oxirgi reja ekaniga shama qildi. AQShdagi navbatdag saylovda Tramp o‘rniga boshqa demokratik partiya nomzodi bo‘lgan prezident saylangudek bo‘lsa, falastinliklar uchun vaziyat o‘zgarishi mumkin.
Falastin Tramp rejasini qabul qiladigan bo‘lsa, u har traflama Isroil qurshovida qoladi. Vashingtonda Yaqin Sharq masalalari bilan shug‘ullanuvchi tadqiqotchi Devid Makovskiy bu reja “tinchlik rejasidan ko‘ra bosqinchlik rejasi” ekanini ta’kidladi. Boz ustiga, falastinliklarga ko‘rsatiladigan 50 milliard miqdoridagi yordam arab davlatlari zimmasiga tushadi.
Yaqin kelajakda prezident kuyovi Jared Kushner bosh-qoshligida tayyorlangan 181 sahifali bu reja Isroil va Falastinni murosaga keltirishi emas, AQSh va Isroil o‘rtasida nizoni yuzaga keltirishi mumkin.
Demokratik partiya vakillari rejaga qarshi chiqdi. Senator Berni Sanders Tramp rejasini qabul qilib bo‘lmaydigan reja deb atadi va Isroil bosqinini tugatishni talab qildi.
Yana bir senator – AQSh prezidentligiga nomzod Elizabet Uorren “falastinliklar qatnashmaydigan bu reja diplomatiya emas, aldov” deya fikr bildirdi.
Jahongir Ergashev tayyorladi.
Izoh (0)