O‘zbekiston hududiga Kavkaz tumanlaridan kirgan antisiklon bilan Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatida 27-yanvar, dushanba kuni ertalab qisqa muddatli yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) kuzatildi.
“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, kunning ikkinchi yarmida respublikaning ayrim joylarida kuchsiz yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘lishi mumkin, faqat janubda va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida yog‘ingarchilik bo‘lmaydi. Kunduzgi harorat 2—7 daraja atrofida bo‘lishi kutilmoqda, bu ko‘rsatkichlar kun me’yorlariga yaqindir.
Haftaning ko‘p qismida mamlakat hududi ana shu antisiklon chegarasi ta’sirida bo‘ladi. Shu sababli respublikada kam bulutli ob-havo kuzatiladi, havoning sovishi tungi harorat 0—5 daraja sovuqqacha tushishiga olib keladi, kunduzi esa quyosh nurlari haroratni 4—9 darajagacha ilitadi.
Ish haftasining oxiriga kelib yuqori bosimli maydon chekinadi va Turkmaniston hududidan chiqadigan nam havo oqimi natijasida ob-havo ancha iliydi. Tungi sovuq ham kuchsizlashadi, manfiy harorat o‘rnini 0—5 daraja iliq egallaydi, kunduzi esa 7—12 daraja iliq bo‘ladi.
Hafta so‘nggida o‘rtacha ko‘p yillik harorat me’yoriy ko‘rsatkichlardan 4—5 darajaga yuqori bo‘ladi.
Izoh (0)