Taxtaqoracha dovonida yangi pullik tunnel qurish loyihasi bo‘yicha Davlat-xususiy sheriklik agentligi Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) bilan dastlabki muzokaralarni olib bormoqda, deya xabar bermoqda agentlik matbuot xizmati.
“Loyihani amalga oshirish maqsadida YeTTB bilan konsultatsion xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma imzolashga kelishib olingan. Hozirda YeTTB tomonidan shartnoma loyihasi tayyorlanmoqda”, — deyiladi agentlik axborotida.
Tunnelning loyihaviy uzunligi taxminan 5 kilometr bo‘lib, yuqori ijtimoiy ahamiyatga ega. Qor va kuchli sel kelgan vaqtlarda hozirda mavjud aylanma yo‘lda transport qatnovi to‘xtatilib, turli noqulayliklarni keltirib chiqarmoqda.
Loyihaning texnik-iqtisodiy hisob-kitoblari 2020-yilning sentabr oyiga qadar, tender hujjatlari 2020-yil oktabr oyiga qadar tayyorlanishi ko‘zda tutilgan. Tender jarayoni 2022-yil aprel oyiga qadar davom etishi va tender g‘olibi bilan 2021-yil may oyida shartnoma imzolash ko‘zda tutilgan.
Taxtaqoracha dovonidan avtotransport uchun pullik tunnel qurilishi mumkinligi haqida ilk bor 2019-yil fevralida aytilgan edi. 2020-yil yanvarida esa ushbu loyiha Prezidentning “Yo‘l sohasini boshqarish tizimini yanada takomillashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ko‘zda tutilgani ma’lum bo‘lgan edi.
Qayd etish joiz, 2019—2020-yilgi qish mavsumida Kitobdagi Taxtaqoracha dovoni kuchli qor yog‘ishi natijasida bir necha bor (4-yanvar, 6-yanvar, 22-yanvar kunlari) avtotransport vositalari qatnovi uchun yopilgan edi.
Izoh (0)