Konstitutsiya 1992-yilning 8-dekabrida qabul qilinganini hammamiz yaxshi bilamiz. Bu haqda darsliklarda, gazeta-jurnallarda, turli kitob va maqolalarda yozilgan, TVda, tadbirlarda aytib kelinadi, qolaversa, har yili 8-dekabrni Konstitutsiya kuni sifatida nishonlaymiz. Ammo konstitutsiya qabul qilinishiga oid tafsilotlar, qiziqarli faktlar juda kam. O‘sha kuni O‘zbekiston nimalarni boshdan kechirgan? Odamlar nimalarni o‘ylagan, nimalarni muhokama qilgan?
Bu haqda ma’lumot olish uchun atoqli shoir, jurnalist va davlat arbobi, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi Karim Bahriyev bilan suhbatlashdik.
- Konstitutsiya qabul qilingan kunda voqealarga bevosita guvoh bo‘lgansiz. Iltimos, o‘sha kungi voqealar haqida gapirib bersangiz.
- Konstitutsiya qabul qilinishi saylov jarayoniga o‘xshaydi. Saylovning haqqoniyligi ovoz berish kuni va xolis sanab chiqish bilangina bo‘lmaydi. Uning taqdiri jarayonda jamiyatdagi hamma toifalar – xolif va muxoliflar, o‘nglar va so‘lchilar, dahriylar va dindorlar – hamma nomzod ko‘rsata olishi va nomzodlar tasdiqlanishi, saylovoldi targ‘ibotida barcha barobar imkonga egaligi kabi jihatlarga bog‘liqdir. Ovoz berish kuni natijani rasmiylashtirish kunidir. Xuddi shunday, konstitutsiya qabul qilinish kuni ham ovoz berish jarayoni edi. Aslida ancha oylar oldin Konstitutsiya komissiyasi tuzilgandi. Unga o‘sha paytdagi yagona huquqshunos akademik Shavkat O‘razayev raislik qilgandi. Asosiy bahslar aslida shu komissiya majlislarida, partiyalar fraktsiyalari yig‘ilishlarida kechgan. Ovoz berish va qabul qilish kuni esga olarli bahslar bo‘lmagan.
- O‘sha kuni bo‘lgan diqqatga sazovor voqea, suhbatni eslay olasizmi? Kimlar bilan bu haqda fikr almashgansiz?
- Ma’lumki, konstitutsiya – asosiy qonun. Qolgan barcha qonunlar undan kelib chiqishi va unga monand bo‘lishi kerak. Bu haddan ziyod muhim hujjatdir. Albatta, birinchi parlamentimiz bir qadar erkin saylovlar natijasida saylangan, zero unda fuqarolar tashabbuskor guruhlari taklifi bilan nomzodlar ham mustaqil deputatlar o‘laroq saylangandi. Shaxsan o‘zim tahsil olgan maktabim jamoasining talabi bilan ro‘yxatga olinganman va saylanganman. Hech bir partiya a’zosi bo‘lmaganman va hozir ham birpor partiya a’zosi emasman. Konstitutsiya muhokamalarida ayniqsa liberal deputatlar – “Erk” partiyasi va “Birlik” harakatidan erkin saylovda rasman ishtirok etgan hamda saylanganlar, mustaqil deputatlar faol ishtirok etgan. Afsuski, keyinchalik asosiy qonunning tashabbusi va qabul qilinishi ham bir kishining nomi bilan bog‘landi.
Men o‘sha paytlari “Erk” va “Birlik” yetakchilari va faollari bilan, shuningdek, maslakdosh do‘stlarimiz bilan ko‘p fikrlashganman. Alijon Qo‘chqorov, Shuhrat Nusratov, Toshpo‘lat Yo‘ldoshev, Oygul Mamatova, Toyiba To‘laganova, Jahongir Mamatov, Hamza Eshmurodov, Erkin Vohidov, Nasrullo Saidov, Inomjon Tursunov, Imom Fayziyev, shuningdek, Pirimqul Qodirov bilan suhbatlashganman. Qolaversa, bu muhim hujjat xalqimizning taqdiriga doxil bo‘lgani uchun hamkasb ziyolilar va saylovchilarimiz bilan fikrlashganmiz.
Umuman olganda, Konstitutsiyamiz anchayin demokratik hujjat edi. Afsuski, uning taqdiri havas qilarlik bo‘lmadi.
- Konstitutsiyani ma’qullamaganlar ham bo‘lganmi? Matnni butunlay qayta ko‘rib chiqishni oshkora yoki yashirincha taklif qilgan deputatlar, faollarni ko‘rganmisiz?
- Albatta, unga butunlay qarshi bo‘lmasa-da, jiddiy o‘zgartirishni muxolif partiya va mustaqil deputatlar oldinga surgandi. Ularning ism-shariflarini yuqorida tilga oldim.
Biz o‘sha kunlarni eslasak, albatta, parlamentda turli kuchlar mavjudligini ko‘ramiz. Sobiq kommunistlar, Rossiya tarafdorlari hujjatning hech bir mafkura davlat mafkurasi bo‘lmasligi va til masalalarida orqaga tortardi, muxolif partiyalar yerga nisbatan xususiy mulk masalasini va davlat rahbarining ikki muddatdan ortiq saylanmasligi qoidasini himoya qilardi va hokazo.
- Umuman, o‘shanda deputatlarning, odamlarning kayfiyati qanday bo‘lgan? Konstitutsiya qabul qilinishi kelajakka ishonch berganmi? Yoki bunga shubha bilan qarashganmi? Yoki hamma befarq bo‘lganmi? Munosabat qanday bo‘lgan?
- Siz aytgan kayfiyatlarning barchasi jamiyatimizda bor edi. Har inson o‘z umidvorliklaridan kelib chiqadi.
Aksariyat xalq befarq edi va buni tushunsa bo‘ladi. Bu aksariyat haq ekan. Ko‘pchilik bo‘lgan bu olomonda qonunga ko‘ra yashash ko‘nikmasi yo‘q edi va hali ham yo‘q. Ularning fikricha, “yuqoridagilar o‘zi biladi. Keragini qabul qiladi va kerakli darajada ishlatadi. Yuqoridagilar istaganicha va ularning manfaatiga monand kelganicha qonunga rioya qiladi va istaganida o‘ziga moslab o‘zgartiradi. Bizni mansabdorlar boshqargan va boshqaradi, qonunlar emas”.
Shunday ham bo‘ldi va shu taxlit davom etmoqda. Konstitutsiya ham istagancha o‘zgartirildi. Bilasizmi, necha marta o‘zgartirildi? O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga hozirgi kunga qadar 14 marta o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Ikki martadan ziyod davlat rahbari bo‘lish taqiqlangani holda bu o‘zgartirishlar bir shaxsning o‘lgunicha saylanaverishiga imkon yaratdi.
Men o‘zim shaxsan Konstitutsiyadan quvongan o‘rinlarim bor edi. Bular so‘z erkinligining kafolatlari, OAVga bob ajratilgani, hech bir mafkura davlat mafkurasi o‘laroq o‘rnatilmasligi, hurfikrlikning kafolatlanishi, hokimiyatning taqsimlanishi, sudlarga mustaqillik berilishi, demokratik huquqiy davlat tuzumi tanlanishi, ko‘ppaprtiyaviylik, xalqaro huquq ustuvorligi kabi jihatlar edi. Afsuski, bu me’yorlar konstitutsiyada tasarruf qilinmay uzoq yotdi. Ko‘ppartiyaviylik va mafkuraviy hurlikdan quvonchimning sababi, sho‘ro tuzumidagi bir partiya diktaturasi va ideokratiya oqibatlari edi. Germaniyada Gitlercha irqiy mafkura, SSSRda Stalincha sinfiy mafkura hukmronligi ikki davlatda millionlar qatag‘on qilinishiga va jahon urushiga olib kelgan edi. Bir mafkura davlat mafkurasi sifatida o‘rnatilsa, asta-sekin senzura yuzaga kelar, boshqacha fikrlar “milliy mafkuraga zid” deb quvg‘inga uchray boshlar, senzuraga uchrar, “yutuqlar” madh etilar, o‘zgacha fikrlovchilar “yutuqlarimizni ko‘rolmaydiganlar” sifatida qatag‘on qilinar edi. Shuning uchun hurfikrlikning qomusiy kafolati kerak edi.- O‘zingizning munosabatingiz ham qiziq. Konstitutsiyamiz haqida fikrlaringiz. Uning matni mukammalmi, yo‘qmi? U qay darajada hayotimizga foyda beryapti yoki bermayapti?
- Allohning yaratganlari mukammaldir, bandalarning barpo qilganlari mukammallik sari harakatlardir va takomillashishga muhtojdir. Albatta, konstitutsiyamizning ham mukammallashtirishga muhtoj o‘rinlari bor, ammo bu alohida mavzu. Nazarimda, u asosiy masalalarni uzil-kesil hal etadigan va istisnolarga o‘rin qoldirmaydigan darajada yombi, hammaga tushunarli bo‘lishi, qoidalari tinimsiz o‘zgarmaydigan, muqarrar bo‘lishi joizdir. Chunki u “konstitutsiya asosida” deb qabul qilinadigan boshqa qonun va qonunosti aktlarida konstitutsiya havola etgan huquq va erkinliklarni bir-bir cheklash imkonini bermasligi kerak.
Bugungi asosiy mulohazamiz konstitutsiyaning taqdiri, biz uni bilmasligimiz, himoya qila olmasligimiz borasidadir.
Konstitutsiyamiz inson huquqlari va erkinliklarini yuksak qadriyat deb bilgani holda real hayotda bu huquq va erkinliklarni amalga oshirishning qanchalar dushvor ekanligi hammamizga ayon.
Konstitutsiya mamlakatda va undan tashqarida erkin ko‘chib yurish va chiqish huquqini bergani holda, bir vazirlikning instruktsiyasi bilan kiritilgan propiska va chiqish vizasi bu huquqni parchinlab kelmoqda. Prezidentning “Strategiya”siga ko‘ra allaqachon 2018-yildayoq bekor bo‘lishi yozilgandi bu ikki hujjat, ammo joyida turibdi.
Konstitutsiya yerosti-yerusti boyliklari xalq mulki ekanini bayon qilsa-da, gazimizni o‘z egasiga bermayotganimiz, chetga qimmat sotayotganimiz, xabaralarga ko‘ra, gazimizni o‘zgalardan qimmatga sotib olganimizni qanday tunish mumkin?!
Konstitutsiyada senzura man etilgani holda parlament senatori va hokimlarimiz jurnalistlarni qamash, o‘ldirish bilan tahdid qilayotganini va bu tahdid jazosiz qolganini qanday tushunsa bo‘ladi?!
Konstitutsiyani himoya qilish vazifasi bo‘lgan Konstitutsiyaviy sud unga zid minglab qonunosti aktlari va o‘nlab qonunlarning muvofiqligini ko‘rib chiqmagani, o‘ttiz yilda o‘ttizta ham qaror chiqarmaganini anlash mumkimi?
Bularning barchasi Konstitutsiya qabul qilinganidan keyin 27 yil o‘tgach, O‘zbekiston prezidenti uni amalga oshirishga kirishi borasida fikrlar aytishiga asos bo‘ldi. Shavkat Mirziyoyevning bayram marosimida xalqni amaldorlardan himoya qilib aytgan fikrlaridan iqtiboslar:
“Qonun ustuvorligi – bu davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari chiqarayotgan hujjatlar, mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari faqat va faqat konstitutsiya hamda qonunlarga muvofiq bo‘lishi shart, deganidir”.
“Konstitutsiya va qonun ustuvorligiga erishishda jamoatchilik nazoratidan ko‘ra samarali vosita yo‘q...Yana bir marta takrorlayman, O‘zbekistonda jamoatchilik nazorati va ommaviy axborot vositalari vakillarining qonuniy haq-huquqlariga hech qanday shaklda tazyiq o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ammo bu o‘zgarishlar tufayli jamiyatimiz salbiy illatlardan, qonunga bepisandlik holatlaridan batamom qutuldi, deb aytishga hali erta”.
“Ochiq tan olish kerak, aksariyat odamlarimiz bu masalada loqayd va beparvo bo‘lib qolmoqda. Bugun olib borayotgan islohotlarimiz yo‘lidagi eng katta to‘siq ham aslida shu emasmi?”
Bu nutq parchalari hozir O‘zbekistonning qishki osmonida jaranglamoqda, uning saslarini sovuq izg‘irin shabadalari gaz va svet kutib yotgan xonadonlar ustidan, kelgusi yil hosili uchun kuch yig‘ayotgan dalalar va yotoqxonalar, bemorxonalar, qamoqxonalar ustidan olib o‘tmoqda. “Konstitutsiyamizni amalga oshirishga yana bir urinaylik”, degan da’vat sof va sodda qalblarda aks-sado bermoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi... Shu uchta so‘zda xalqimiz va insoniyat tarixiy taqdirining in’ikosi zohirdir. Ularning har biri bir buyuk istilohdir.
O‘zbekiston – ota-bobolarimizning qoni va joni evaziga bunyod bo‘lgan, millatimizning hayoti va abadiyati yashaydigan makon. Uning mustaqilligi, istiqloli va istiqboli uchun buyuk ajdodlarimiz kurashgan va uni bizga meros qilib qoldirgan. Biz bu yerda elimizga, tilimizga, tariximizga va kelajagimizga sohib bo‘lib chiqajakmiz.
Respublika – mustaqil davlatimizning tuzumidir. Uning asosi demokratik huquqiy davlatdir. Qadim Rim va Yunonistondan ibtidosi boshlangan demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati shuni anglatadiki, hokimiyat manbai xalqdir. Biz farang inqilobida xalq “Ozodlik, erk va respublika uchun” deya maydonga chiqqanini o‘qiganimizda, inson ozodligi va erki uchun kurashish tushunarli, xo‘sh, nega “Respublika uchun” kurashish kerak, deb o‘ylaganmiz. Yakkahokimlik bo‘lgan monarxiyadan, boshboshdoqlik bo‘lgan anarxiyadan, zolim bo‘lgan oligarxiyadan tarix mobaynida to‘ygan xalq ming yillar o‘z hokimiyatini – respublikani orzu qilgan. Shuning uchun mustaqillikka erishgach, respublika tuzumini tanladik.
Konstitutsiya mamlakatning asosiy qonunidir. Jahonning konstitutsiya uchun jon bergan, kurashgan, maydonlarga chiqqan yetakchi xalqlari uning qadrini biladi va uni o‘zgartirishga, buzishga qaratilgan har bir harakatga qarshi qalqib o‘rnidan turadi, chunki konstitutsiya ularni himoya qiladi. Aleksandr Pushkin “Imperator hokimiyatidan qonun hokimiyati afzaldir” degandi. Holbuki, u imperator saroyining erkasi edi. Qonun hokimiyatini orzu qilgandi, chunki imperator seni bugun yoqtirishi va ertaga yomon ko‘rishi mumkin, shoir o‘z hayotini bir insonning o‘zgaruvchan kayfiyatiga emas, o‘zgarmas qonunga bog‘liq bo‘lishini istagan. Asosiy qonunimiz – konstitutsiya xalqaro huquq vorisi va barcha qonunlarimiz onasidir. Qolgan barcha qonunlar unga muvofiq bo‘lishi, u bergan huquq-erkinliklarga daxl qilmasligi kerak. Konstitutsiyaga zid bo‘lgan har qanday me’yoriy akt bekor qilinishi kerak. Buning nazoratchisi Konstitutsiyaviy suddir.
Ana shunday, hamma qonun oldida barobar bo‘lsa, qonunlarga itoatda yashasak, eng ulkan erkinlik shudir.
Hammani shu ulug‘ kun bilan tabriklaymiz.
Eldar Asanov suhbatlashdi.
Izoh (0)