Bugun, 9-dekabr kunidan Eronning “Zagros Airlines” aviakompaniyasi “Tehron—Toshkent—Tehron” yo‘nalishida muntazam parvozlarni amalga oshirishni boshlaydi. Bu haqda Transport vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Dastlabki bosqichda Eron aviakompaniyasi mazkur yo‘nalishda parvozlarni haftasiga bir marta bajaradi. Keyinchalik esa parvozlar chastotasi haftasiga ikki martaga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2019-yil noyabr oyida O‘zbekiston Transport vazirligi Eron aviatsiya ma’muriyatining “Zagros Airlines” aviakompaniyasini muntazam parvozlarni bajaruvchi aviakorxona sifatida tayinlash to‘g‘risidagi xabarnomasiga, shuningdek, 2001-yil 17-avgustdagi havo qatnovi to‘g‘risidagi ikki tomonlama bitim doirasida taqdim etilgan zarur hujjatlarga muvofiq, “Tehron—Toshkent—Tehron” yo‘nalishida muntazam parvozlarni amalga oshirish uchun Eron aviakompaniyasiga ekspluatatsiya ruxsatnomasi berilgan.
“O‘zbekiston va Eron o‘rtasida muntazam parvozlarning tiklanishi ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va sayyohlik sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga turtki beradi”, — deyiladi xabarda.
Izoh (0)