Toshkentning Shayxontohur tumani “Charx Novza” mahallasida 7-sentabr kuni shaxsi aniqlanmagan uch kishi to‘rt qavatli turar joyning ikkinchi qavatidagi xonadondan ichida katta miqdorda pul bo‘lgan seyfni o‘g‘irlab ketgan, deya xabar bermoqda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati.
Bosh boshqarmadan ma’lum qilishlaricha, ushbu jinoyatni fosh etish ustida tezkor-tergov guruhi ish olib bormoqda. Ta’kidlanishicha, jinoyat qisqa muddatda fosh etilishi uchun bosh boshqarma xodimlari tomonidan barcha imkoniyatlar ishga solinadi, uni sodir etganlar qo‘lga olinib, javobgarlikka tortiladi.
“Shu bilan birga mazkur jinoyatga aloqador shaxslarga eslatib qo‘ymoqchimizki, Jinoyat kodeksining 55-moddasida, aybni bo‘yniga olish jazoni yengillashtiruvchi holat deb topilgan. Ushbu jinoyatga aloqador shaxslarga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, eng yaqin ichki ishlar bo‘limiga kelishlarini yoki 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qilishlarini va jinoyatni fosh etilishida ishtirok etishlarini taklif qilamiz. Aks holda javobgarlikka tortilish vaqtida jazo yengillashtirilmaydi”, — deyiladi Toshkent shahar IIBB bayonotida.
Izoh (0)