Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev o‘zining birinchi xalqqa qilgan murojaatida mamlakatda siyosiy raqobatni rivojlantirish niyatida ekanini bildirdi. Shuningdek, u davlat apparati xodimlarini 25 foizga qisqartirish rejasi haqida ta’kidladi deb yozadi “Kommersant.ru”.
To‘qayevning fikricha, mamlakatda ko‘p partiyali tizimni rivojlantirish kerak.
“Davlat rahbari sifatida, men ko‘p partiyaviylik, siyosiy raqobat va mamlakatda fikrlar xilma-xilligini rivojlantirishga hissa qo‘shishni vazifam deb bilaman. Bu uzoq muddatli istiqbolda siyosiy tizimning barqarorligi uchun muhimdir”, — deyiladi murojaatda.
Qozog‘iston prezidentining fikricha, mamlakatda Konstitutsiyaga zid chorlov va bezoriliklardan iborat bo‘lmagan tinchlik aksiyalari va mitinglarini o‘tkazishga ruxsat berish kerak.
“Agar aksiyalar qonun va fuqarolar tinchini buzishga qaratilgan bo‘lmasa, belgilangan tartibda ularni o‘tkazishga ruxsat berish, jumladan, ularga shahar chetida bo‘lmagan maxsus joylar ajratilishi kerak".
Shuningdek, prezident milliy kompaniyalardagi davlat xizmatchilari va ishchilarni 2024-yildan 25 foizga qisqartirishga ko‘rsatma berib, yosh tayyor kadrlarni ishga olishni taklif qilgan.
“2020-yildan boshlab davlat xizmatchilari sonini asta-sekin kamaytirib, ortgan mablag‘larni foyda keltiruvchi ishchilarni rag‘batlantirish uchun ishlatamiz”, — deydi davlat rahbari.
Izoh (0)