Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan “Namangan davlat universiteti tarkibida O‘zbekiston-Rossiya qo‘shma “Tibbiyot” fakultetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi. Bu haqda Spot xabar beradi.
Unga ko‘ra, Namangan davlat universiteti tarkibida Rossiyaning Ural davlat tibbiyot universiteti bilan hamkorlikdagi O‘zbekiston-Rossiya qo‘shma “Tibbiyot” fakultetini tashkil etish taklif etilmoqda.
Fakultetda talabalarni o‘qitish to‘lov-kontrakt asosida rus tilida, kunduzgi ta’lim shaklida O‘zbekiston Oliy ta’limining davlat ta’lim standartlari talablari inobatga olingan holda universitetning Ural davlat tibbiyot universiteti bilan qo‘shma ta’lim dasturlari asosida amalga oshiriladi.
2019−2020-o‘quv yilidan boshlab qabul kvotasi Namangan viloyatidagi mavjud talab va ehtiyojdan kelib chiqib, universitet va Hamkor universitet tomonidan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Talabalar ta’limning kamida 2 yilini Ural davlat tibbiyot universitetida o‘qiydi hamda mazkur davrda o‘qish bilan bog‘liq xarajatlar talabalar tomonidan o‘qitish joyida to‘lanadi.
Fakultet bitiruvchilariga O‘zbekiston hamda Rossiyada oliy ta’lim to‘g‘risidagi rasmiy davlat hujjati sifatida e’tirof etilgan, universitet hamda Hamkor universitet diplomlari beriladi.
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin. 17-iyulga qadar havola orqali muhokamada qatnashib, o‘z fikr va mulohazalarini bayon qilish mumkin.
Izoh (0)