Qozog‘iston energetika vaziri Qanat Bozumbayev mamlakatda atom elektr stansiyasi qurilishi borasidagi savollarga javob berdi.
“Aholi fikrini inobatga olish nima degani? Bu ijtimoiy so‘rov yoki referendum. Shu sababli xavotirga tushmang, agar AES quriladigan bo‘lsa, siz aniq bilasiz va eshitasiz. Aholi o‘z fikrini bildirishi kerak. Agar aholi yo‘q desa, u holda hech kim hech narsa qurmaydi. Faqat xalq fikri inobatga olinadi. Bugungi kunda hukumat darajasida atom elektr stansiyasi qurilishi borasida biror bir qaror yo‘q”, — dedi vazir.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 3-aprel kuni Kremlda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan uchrashuv chog‘ida Qozog‘istonda Rossiya texnologiyasi asosida AES qurilishi ehtimoli haqida ma’lum qilgan edi.
Ertasi kuni Qozog‘iston energetika vazirining o‘rinbosari Magzum Mirzagaliyev AES qurilishi haqida qaror qabul qilinmaganini ma’lum qildi. Biroq Qozog‘iston hukumati Rossiya ishtirokida AES qurish uchun Sharqiy Qozog‘iston viloyatidagi Kurchatov shahri va Olmaota viloyatidagi Ulken qishlog‘ini asosiy maydoncha sifatida ko‘rmoqda.
Izoh (0)