Shavkat Mirziyoyevning viloyatga tashrifi davomida ilgari surilgan “Namanganni O‘zbekistondagi eng kitobxon viloyatga aylantiramiz!” degan tashabbusiga javoban Namangan muhandislik texnologiya institutida “Har bir qizga bir kitob” aksiyasi o‘tkazildi. Bu haqda “Daryo”ga institut matbuot xizmati xabar berdi.
Xotin-qizlar bayrami arafasida institutda faoliyat yuritayotgan 200 nafardan ziyod ayol professor-o‘qituvchi, xodima hamda mingdan ortiq talaba qizga bayram sovg‘asi sifatida o‘zbek va jahon adabiyotining sara asarlaridan iborat badiiy kitoblar taqdim etildi.
Erta tongdan institut darvozasi oldida talaba yigitlar xotin-qizlarni qo‘llarida gul va kitoblar bilan kutib oldi.
— Institut ma’muriyatining tashabbusidan xursand bo‘ldik. Dugonalarim bilan xonadonimizga yangi kitoblar olib qaytdik, — deydi institut magistratura bosqichi talabasi Muxtasar Ismoilova.
Izoh (0)