MTS kompaniyasi Nyu-York Janubiy okrugi sudi AQSh Adliya vazirligi hamda Qimmatli qog‘ozlar va birjalar bo‘yicha komissiya (SEC) bilan erishilgan kelishuv bitimini ma’qullaganini e’lon qildi.
Bitim shartlariga ko‘ra, MTS O‘zbekistondagi 2004—2012-yillardagi faoliyati davomida korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ygani uchun Amerika hukumatiga 850 million dollar miqdorida jarima to‘lashi lozim.
MTS 2012-yili O‘zbekistondagi biznesini to‘xtatishga majbur bo‘lgan. Oradan ikki yil o‘tib, 2014-yili kompaniya yana O‘zbekistonga qaytgan — buning uchun kompaniya O‘zbekiston Radioaloqa, radioeshittirishlar va televideniye markazi bilan qo‘shma korxona ochishiga to‘g‘ri kelgan. Ushbu korxonadagi ulushini MTS 2016-yili O‘zbekiston hukumatiga 1 dollarga sotib, yana mamlakatdan chiqib ketdi.
AQSH nazorat qiluvchi organlari MTSning O‘zbekistondagi biznesiga nisbatan 2014-yildan beri korrupsiyaga qarshi surishtiruv harakatlarini olib bormoqda. Amerika hukumati vakillarining ta’kidlashicha, MTS, VEON (“Bilayn-O‘zbekiston”) va Telia (Ucell) O‘zbekiston telekommunikatsiya bozoriga kirish vaqtida, jumladan, Gulnora Karimova bilan bog‘liq strukturalarga ko‘p millionlik poralar uchun soxta kompaniyalar tarmog‘i va qalbaki maslahat shartnomalaridan foydalangan.
Ushbu surishtiruvlar oqibatida 2016-yili VEON 795 million dollar, Telia esa 965 million dollar miqdorida jarima to‘lagan.
Izoh (0)