Qurilish materiallari sanoatini tubdan takomillashtirish va kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” Telegram-kanalida xabar berildi.
Qarorga muvofiq O‘zbekiston qurilish materiallari sanoati korxonalari (“O‘zsanoatqurilishmateriallari”) uyushmasi tashkil etildi.
“O‘zqurilishmateriallari” AJning xo‘jalik jamiyatlari ustav kapitallaridagi aksiyalari Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazish orqali jamiyat tugatiladi.
“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasining raisi va uning o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi taqdimnomasi bo‘yicha uyushma ta’sischilarining umumiy yig‘ilish qarori bilan saylanadi.
2022-yil 1-yanvarga qadar korxonalarning shartnomalar bo‘yicha “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasiga to‘lanadigan ajratmalari yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i bo‘yicha soliq solinadigan bazadan chiqariladi.
2019-yil 1-apreldan boshlab noruda foydali qazilmalar mavjud bo‘lgan yer qa’ri uchastkasidan geologik o‘rganish uchun foydalanish huquqini beruvchi litsenziya ariza kelib tushgan kundan boshlab 10 kundan oshmagan muddatda beriladi.
2019-2021-yillarda umumiy qiymati 1,3 mlrd AQSh dollari, shu jumladan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobiga 692 mln AQSh dollari miqdorida amaldagi korxonalarni texnik va texnologik yangilash hamda yangi korxonalar barpo etish bo‘yicha 67 ta investitsiya loyihalari amalga oshiriladi.
“QurilishmateriallariLITI” MChJ ixtisoslashtirilgan loyiha ilmiy-tadqiqot institutini “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tarkibiga kiruvchi “O‘zqurilishmaterialLITI” MChJ ilmiy-tadqiqot va injiniring markazi etib qayta nomlandi.
2019-yil 1-aprelgacha Qurilish materiallari sanoatidagi investitsiya loyihalari ro‘yxati, shuningdek, ularni amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanadi.
Izoh (0)