Oliy ta’lim muassasalarining iqtidorli talabalariga beriladigan stipendiyalar endilikda yana bittaga ko‘paydi. Bu haqda “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatining matbuot xizmati ma’lum qildi, deb yozadi O‘zA.
Stipendiya 2017—2021-yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan dastur ijrosini ta’minlash, gidroenergetika sohasining malakali mutaxassislarga bo‘lgan haqiqiy talabini inobatga olib, malakali kadrlarni tayyorlash jarayonini qo‘llab-quvvatlash, xususan iqtidorli talabalarni rag‘batlantirish maqsadida joriy etilgan.
Mazkur stipendiyaga birinchilardan bo‘lib, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining besh nafar talabasi sazovor bo‘ldi. Ularning 2 nafari magistratura, 3 nafari bakalavr yo‘nalishida tahsil olmoqda.
Stipendiyalar miqdori eng kam ish haqqining 6 barobarini tashkil etadi. Mazkur stipendiya talabaning institutdan oladigan stipendiyasidan tashqari, bir yil davomida berib boriladi.
“O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatining nomdor stipendiyasini talabalarga berish jarayonlari ochiq va shaffof tarzda o‘tkazildi. Stipendiyaga taqdim etilgan nomzodlar institut ilmiy kengashi tavsiyasi va jamiyatda tuzilgan komissiyaning belgilangan talablari asosida aniqlandi.
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida o‘tkazilgan tadbirda talabalarga jamiyatning maxsus guvohnomasi va plastik kartochkalari topshirildi.
Izoh (0)