Palata a’zosi Jimmi Panetta va senator Dayann Faynshteyn qishloq xo‘jaligi sohasidagi ishchilar uchun fuqarolik olish imkonini yaratadigan qonun loyihasini ishlab chiqdi. Bu haqda Forum Daily xabar berdi.
Green Card’ning muqobili sifatida taklif qilinayotgan Blue Card AQShda ishchi kuchi barqarorligini ta’minlaydi, deydi loyiha mualliflari.
Kaliforniyadagi fermerlarning yarmida hujjat yo‘q. Shuning uchun ishchilarning o‘rtacha yoshi sezilarli darajada oshib borayotganligi taxmin qilinmoqda. Okrugga esa hujjatga ega yosh ishchilar kerak.
So‘nggi yillarda fermerlar H-2A dasturi (talabga javob beradigan qishloq xo‘jaligi ishchilarini AQShda ishlashiga ruxsat beruvchi dastur) sabab, ishchi kuchi yetishmasligi va ishchilarning o‘rtacha yoshi oshib borganidan tashvishga tushgan.
Blue Card dasturiga qishloq xo‘jaligida so‘nggi ikki yil davomida 100 kun ishlagan har qanday kishi ariza berishi mumkin. Dasturga qabul qilinganlar oilasi bilan AQShda qonuniy ishlashga ruxsatnoma olishi mumkin. Ular qonunan deportatsiyadan himoya qilinadi.
Dalada uch yil davomida yiliga 150 kundan (yoki 5 yil davomida yiliga 100 kundan) ishlagandan so‘ng, “ko‘k karta” egalari qonuniy yashash uchun ruxsatnoma, keyin esa fuqarolik olish huquqiga ega bo‘ladi.
“Immigrant fermerlar hech qanday tahdidlarsiz ishlashga loyiq,” — deydi United Farm Workers Foundation mutaxassisi Leydi Renjel.
Kaliforniya fermerlar byurolari federatsiyasi Blue Card qonun loyihasini tasdiqlagan.
“Fermerlar va ishchilarning huquqiy o‘rnini belgilovchi va ularning oilasini himoya qiluvchi qonun juda muhim. Ushbu qonun ishchilarga o‘z davlatlaridan AQShga ko‘chishlariga va ortga qaytishlariga hamda u fermadan bu fermaga ish izlab o‘tishlariga imkon beradi,” — deydi CFBF tashkiloti Prezidenti Yohansson.
Izoh (0)