Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida yangi lavozim tayinlovi amalga oshirildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati “Daryo”ga xabar qildi.
Botir Daminov Toshkent pediatriya tibbiyot instituti rektori lavozimini saqlagan holda Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori lavozimiga tayinlandi.
Unga yuqori malakali va sifatli, xalqaro talablarga mos keladigan ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishga mo‘ljallangan texnologik moddiy va ilmiy bazani, ushbu yo‘nalishdagi maktabni shakllantirish, ixtisoslik bo‘yicha kasalliklarni profilaktika qilish, tashxis qo‘yish va ularni davolash, jumladan, aholiga yuqori malakali nefrologiya va gemodializ yordami ko‘rsatish, shuningdek, buyrak transplantatsiyasi amaliyotini yanada takomillashtirish kabi dolzarb vazifalar yuklandi.
Shuningdek, soha bo‘yicha yetuk kadrlarni tayyorlash, xodimlarning xorijiy yetakchi tibbiyot muassasalari va klinikalarida malaka oshirishlarni tashkil etish, ilg‘or usul va innovatsion texnologiyalarni amaliyotga joriy etish, mintaqalarda zarur profilaktik ishlar o‘tkazishda ko‘maklashish kabi yo‘nalishlarga ham mas’ul etib belgilandi.
Izoh (0)