Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi hamda Xalqaro robototexnika olimpiadasi qo‘mitasi — IROC (International Robot Olympiad Committee) o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Bu haqda “Daryo”ga vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.
Memorandum Filippinning Manila shahrida Manila shahrida bo‘lib o‘tayotgan IRO (Xalqaro robototexnika olimpiadasi)ning final bosqichi doirasida imzolandi.
Unga ko‘ra, Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi Xalqaro robototexnika olimpiadasi qo‘mitasining O‘zbekistondagi rasmiy vakili bo‘ladi. Shuningdek, markaz qo‘mitaning hududiy musobaqasini o‘tkazish imtiyoziga ega bo‘lib, O‘zbekistondan milliy terma jamoani saralab olib, xalqaro olimpiadada ishtirokini ta’minlaydi. Shuningdek, u xalqaro olimpiadani kelgusida O‘zbekistonda o‘tkazish huquqiga ega bo‘ladi.
Ushbu loyihadan ko‘zda tutilgan asosiy maqsad O‘zbekistonda robototexnika sohasini ommalashtirish, yoshlarning innovatsion texnologiyalarga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Ma’lumot uchun, Xalqaro robototexnika olimpiadasi 1999-yildan buyon har yili muntazam o‘tkazib kelinadi. Unda butun dunyodan 50 ming nafar ishtirokchi qatnashadi.
Izoh (0)