Rossiyaning Moskva viloyati Domodedovo tumanida besh kishi maishiy gazdan zaharlanish oqibatida vafot etdi, deb xabar beradi “MK.ru”.
Shifokorlar yana bir jabrlanuvchining hayotini saqlab qolishga urinmoqda.
Fojia tumandagi Shestovo qishlog‘ida yuz berdi. Mehnat muhojirlari bu yerda mehmonxona qurayotgan edi.
Jabrlanuvchilarning uch nafari o‘zbekistonlik, uch nafari esa armanistonlik ekanligi aytilmoqda. Ularni sheriklari 16-dekabr kuni hushsiz holda topgan.
Quruvchilar tez tibbiy yordamga murojaat qilgan. Shifokorlar besh kishining vafot etganini ma’lum qilgan.
Yana bir jabrlanuvchini esa Vidnoye shahridagi kasalxonaga olib ketishgan.
Dastlabki taxminlarga ko‘ra, fojia maishiy gazdan zaharlanish oqibatida yuz bergan.
Mehnat muhojirlarining yashash joyidan ular isinish uchun foydalangan gaz balloni topilgan.
Bundan tashqari, tunda migrantlar spirtli ichimlik ichgan. Ular uxlab qolgani sababli gaz ballonining o‘chib qolganini sezmagan.
Holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Izoh (0)