Nyu-York politsiyasi amerikalik 60 yoshli aktyor Alek Bolduinga nisbatan ayblov e’lon qildi — politsiya talqiniga ko‘ra, aktyor avtoturargohda joy talashish oqibatida yuz bergan mojaro vaqtida u bilan bahslashgan erkakka hujum qilib, uni haqoratlagan. Meduza’ning yozishicha, aktyor o‘ziga nisbatan ilgari surilgan ayblovlarni yolg‘on deb atagan.
Taxminlarga ko‘ra, mojaro 2-noyabr kuni Manxettenda yuz bergan. Politsiya vakillarining Bolduin so‘zlariga asoslanib xabar berishicha, aktyorning qarindoshlari uning joy band qilib turgan vaqtda avtoturargohga boshqa bir odam kelib qolgan. Janjal vaqtida ismi oshkor etilmayotgan 49 yoshli erkakning jag‘i singan, shundan so‘ng uni shifoxonaga olib ketishgan.
Alek Bolduin qo‘lga olingan, biroq oradan ikki soat o‘tib uni qo‘yib yuborishgan. U 26-noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan sudga kelishi shart.
Alek Bolduin Saturday Night Live komediya shousida AQSh prezidenti Donald Trampni parodiya qilib chiqadi; aktyorning qo‘lga olingani haqidagi xabarga Tramp shunday munosabat bildirdi: “Unga omad tilayman”.
Alek Bolduin 2014-yili bir tomonlama harakatli yo‘lda qoidalarga zid ravishda velosiped haydagani uchun qo‘lga olingan. O‘shanda aktyor politsiyachiga baqirgan, shuning uchun uni bezorilikda ayblashgan. 1995-yili Bolduin fotosuratchini urishda ayblangan, biroq sud uni o‘shanda oqlagan.
Izoh (0)