Bugun, 29-oktabr sanasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida Xitoyning Xubey provinsiyasi tijorat bo‘yicha departamenti direktorining o‘rinbosari Yuan Yasze rahbarligidagi ishbilarmon doiralari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb yozadi O‘zA.
“Biznes – biznes uchun” formatida o‘tkazilgan uchrashuvda Xitoyning avtomobil shosselari, temir yo‘l liniyalari, ko‘priklar, ishlab chiqarish majmualari uchun ko‘p qavatli binolarni barpo etishga ixtisoslashgan qurilish sohasi ishbilarmonlari ishtirok etdi.
Uchrashuvda xitoylik mehmonlar O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati va imkoniyatlari, tadbirkorlikka keng yo‘l ochish yo‘lidagi shiddatli islohotlar bilan tanishtirildi. Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad ham xitoylik ishbilarmon doiralarni O‘zbekistonning turli hududlaridagi investitsion loyihalarga kengroq jalb etish, qurilish-montaj ishlari va infratuzilma obyektlarini barpo etishga ixtisoslashgan o‘zbekistonlik hamkorlar bilan ishbilarmonlik munosabatlarini o‘rnatishga sharoitlar yaratishdan iborat edi, deyiladi xabarda.
Biznes uchrashuv yakunida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni yanada rivojlantirishga oid hamkorlik memorandumi imzolandi.
Izoh (0)