Toshkent shahrida 17-oktabr kuni O‘zbekiston—Janubiy Koreya kooperatsiya birjasi o‘tkazildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi. Unda tomonlar agrotexnologiya, zamonaviy uskunalar, axborot texnologiyalari, muqobil energiya, yengil sanoat kabi yo‘nalishlarda qo‘shma biznes loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar olib bordi.
Koreya Respublikasining Kyongido provinsiyasi texnoparki bosh direktori Gangsun Choyning ma’lum qilishicha, ushbu mamlakatda 18 hududiy texnopark faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, ular ko‘magida ishbilarmonlar o‘z biznes loyihalarini amalga oshirmoqda, shuningdek, sohalar bo‘yicha innovatsion takliflar, ishlanmalar amaliyotga joriy etilayotir. O‘zbekiston — Koreya kooperatsiya birjasida Janubiy Koreyadan 5 ta texnopark 10 dan ziyod kompaniyalari bilan ishtirok etdi. Ushbu kompaniyalar yangi xizmatlar, mahsulotlar, innovatsion texnologiyalar bo‘yicha o‘z taqdimotlarini o‘tkazdi.
Tadbir doirasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida B2B formatdagi uchrashuvlar tashkil etildi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 9 oyida mamlakatlar o‘rtasida savdo aylanmasi 34 foizga oshib, 1,28 milliard dollarni tashkil etdi.
Izoh (0)