Ilk bor o‘tkazilayotgan O‘zbekiston—Rossiya ta’lim forumi oldidan OAV xodimlari uchun brifing tashkil etildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Prezident maslahatchisi A.Abduvahitov, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari O.Abdurahmonov, Oliy ta’lim muassasalari rektorlari kengashi raisi, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti rektori S.Turobjonov mamlakatda izchillik bilan amalga oshirilayotgan ta’lim sohasidagi islohotlar zamirida mamlakatni yanada taraqqiy ettirish, sohalar uchun yuqori bilimga ega mutaxassislarni tayyorlashdek maqsadlar mujassam ekanini ta’kidladi.
O‘zbekiston—Rossiya ta’lim forumi ikki davlat o‘rtasida oliy ta’lim tizimidagi o‘zaro strategik hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish, ma’rifiy, ilmiy jamoatchilikning o‘zaro fikr va tajriba almashishi, oliy o‘quv dargohlariaro aloqalarni keng yo‘lga qo‘yish, ta’limga oid yangi dasturlar, loyihalarni rejalashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur yirik forumda O‘zbekiston oliy ta’lim dargohlari bilan birga Rossiyaning eng nufuzli oliy ta’lim maskanlari rektorlari, ilmiy jamoatchiligi ishtirok etishi, hamkorlikda ko‘plab shartnoma va kelishuvlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.
Izoh (0)