Prezidentning Fransiyaga davlat tashrifi doirasida mamlakatdagi Markaziy Osiyo davlatlari yangiliklariga ixtisoslashgan Novastan.org saytida “O‘zbekiston: Yoshlar mavzusi — Shavkat Mirziyoyev uchun eng dolzarb soha” deb nomlangan maqola e’lon qilindi. Bu haqda “Daryo”ga Yoshlar media markazi ma’lum qildi.
Maqolada Markaziy Osiyo aholisining yarmini tashkil qiluvchi O‘zbekiston aholisi demografik jihatdan yosh ekanligi, shu sababdan mamlakatda yoshlar siyosati muhim o‘rin egallashi ta’kidlangan.
“33 million aholisi bor O‘zbekiston aholisining taxminan 20 foizi 15—24 yosh atrofida. Bu aholining demografik jihatdan yosh ekanligini, shu sababdan davlat yoshlarga oid aniq va samarali siyosat borishi lozim ekanligini ko‘rsatadi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga tashrifi O‘zbekistonning yoshlarga oid siyosatini tanishtirish uchun ayni qulay fursatdir”, —deyiladi maqolada.
Shundan keyin maqolada oldingi paytlarda O‘zbekistonda sovetlarning yoshlar siyosati amal qilganligi, mustaqillikdan keyin esa “Kamolot” harakati va “Kamalak” tashkilotlari tuzilganligini qisqacha eslatib o‘tiladi. “Kamolot” yoshlar harakati samarasiz faoliyat olib borganligi va natijada bundan na davlatga, na yoshlarga foydasi bo‘lmaganligi ta’kidlanadi.
Shu sababdan 2016-yilda prezidentlikka kelgan Shavkat Mirziyoyev zudlik bilan bu harakatni tugatib, uning o‘rniga 2017-yil 27-iyunda Yoshlar ittifoqini tashkil qilganligini hamda “Kamalak” tashkilotida tegishli islohotlarni amalga oshirganligi aytiladi. Bundan tashqari, O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etilganligi qo‘shimcha qilinadi. So‘ngra Prezidentning tashabbusi bilan O‘zbekiston yoshlari uchun qilingan ishlar sanab o‘tiladi.
Maqola Yoshlar Ittifoqining faoliyati va o‘zbek ommasining yoshlar muammolariga nisbatan munosabatiga xolis baho berish bilan yakunlanadi:
“To‘g‘ri, Yoshlar ittifoqi va ’Kamalak’ tashkilotining faoliyati faqatgina muvaffaqiyatlardan iborat emas. Aksincha, ular ba’zida ’Kamolot’ harakati yo‘l qo‘ygan xatolarni takrorlab turadi. Ularning har bir tashabbusi ishtimoiy tarmoqlarda qizg‘in bahs va munozalarga sabab bo‘ladi. Hatto ba’zan Yoshlar ittifoqi O‘zbekistonning eng ko‘p tanqid qilinadigan tashkilotiday tasavvur paydo bo‘ladi.
Biroq mazkur tanqidlarning mavjud ekanligi o‘zbek ommasining yoshlar muammolariga befarq emasligini ko‘rsatib beradi. Shu ma’noda, Shavkat Mirziyoyevning yoshlar sohasiga jiddiy yondashishi va yoshlar uchun barcha sharoitlarni yaratib berishi o‘zbek ommasining yoshlar muammolariga nisbatan munosabati bilan uyg‘undir. Yaratib berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanish Yoshlar ittifoqi va “Kamalak” tashkilotining o‘zini qo‘lida”, — xulosa qilinadi maqolada.
Izoh (0)