Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida yana bir yangi lavozim tayinlovi amalga oshirildi. A’lonur Saidov Respublika qon quyish markazi direktori lavozimiga tayinlandi. Bu haqda “Daryo”ga Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Unga qon quyish tizimini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish, aholiga transfuziologiya bo‘yicha davolash-maslahat yordami hamda sohada ilmiy-tadqiqot, ilmiy-amaliy va tashkiliy-uslubiy ishlarni yanada kuchaytirish, aholini xavfsiz qon tarkibiy qismlari va preparatlariga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq ta’minlash, ushbu maqsadda beg‘araz doimiy donorlar faoliyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash, qon tayyorlash hajmlarini muntazam oshirib borish kabi muhim yo‘nalishlar yuklatildi.
Shuningdek, sohaga xorijning eng ilg‘or va zamonaviy usullari, innovatsion texnologiyalarni keng joriy qilish, qon komponentlari turi va sifatini yaxshilash, qon quyish xizmati muassasalarining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, kadrlar tayyorlash va malakasini muntazam oshirish borish, xorijdagi nufuzli qon quyish muassasalari bilan hamkorlikni yanada jadallashtirish singari vazifalarga ham mas’ul etib belgilandi.
A. Saidov bunga qadar Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish instituti direktori lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Izoh (0)