Yevroparlament deputatlari Vengriyani Yevropa Ittifoqi kengashida ovoz berish huquqidan mahrum qilishni ko‘zda tutuvchi rezolyutsiya loyihasini tayyorladi. Bunga sabab sifatida Vengriya tomonidan Yevropa Ittifoqining asosiy demokratik qadriyatlari qo‘pol ravishda buzilgani ko‘rsatilmoqda. Bu haqda “Korrespondent.net” xabar berdi.
Yevroparlamentga ko‘ra, Vengriyadagi korrupsiyaning amaldagi darajasi, davlat moliyasiga nisabatan shaffoflik va hisobdorlikning yetishmasligi, shuningdek, ortiqcha xarajatlar moliyaviy dasturlar qiymatining oshirib yuborilishi Yevropa Ittifoqining moliyaviy manbalariga zarar yetkazadi. Bu Yevropa Ittifoqi haqidagi kelishuvning 2-moddasida ko‘rsatib o‘tilgan qadriyatlarning buzilishi, deb qaralmoqda.
Yevroparlament tomonidan qayd etilishicha, Budapesht konstitutsion va saylov tizimlarining faoliyatida, sud mustaqilligida, korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvi, shaxsiy ma’lumotlarni muhofaza qilish, OTMlarning mustaqilligi, din erkinligi, birlashmalar erkinligi kabi sohalarda demokratik qadriyatlarga amal qilish bo‘yicha jiddiy muammolarga ega.
Bu masalalar yuzasidan bahslar Yevroparlamentda 11-sentabrda, rezolyutsiyaga nisbatan ovoz berish esa 12-sentabrda bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)