Gulistonda xalq deputatlari Sirdaryo viloyati, shahar va tuman Kengashlarining bo‘shab qolgan o‘ringa O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a’zosi saylovi bo‘yicha qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi, deb yozadi “Xalq so‘zi”.
Unda mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Bek klaster” korxonasi rahbari, 4-Namuna saylov okrugidan xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi deputati Ulug‘bek Norxo‘jayevich Sotiboldiyev 98,4 foiz ovoz bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi etib saylandi.
Sotiboldiyev 1976-yilda tug‘ilgan. Guliston davlat universitetining iqtisodiyot fakultetida iqtisodchi-menejer ixtisosligi bo‘yicha ta’lim olgan. Faoliyatini oddiy xodimlikdan boshlab keyinchalik tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Hozirgi kunda u bir necha tadbirkorlik subyektlari hamda “Bek klaster” qo‘shma korxonasini boshqarib kelmoqda. U rahbarlik qilayotgan tizimda 4 mingga yaqin ish o‘rni yaratilgan.
Sotiboldiyev O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 27 yilligi arafasida Prezident farmoniga ko‘ra “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan edi.
Izoh (0)