Shu yil avgust oyi oxirida Jizzax viloyati Forish tumanida tashkillashtirilgan tog‘li joylarda harbiy amaliyot o‘tkazish bo‘yicha dasturda AQSh Markaziy qo‘mondonligi quruqlikdagi qo‘shinlari va O‘zbekiston qurolli kuchlari vakillari ishtirok etdi. Shu yuzasidan O‘zbekistondagi AQSh elchixonasi bayonot e’lon qildi.
Besh kunlik tadbir davomida AQShning shimoliy hududlardagi jangovar harakatlarga tayyorlovchi markazining olti nafar instruktori hamda o‘zbekistonlik 14 nafar askar tog‘li hududlarda harbiy amaliyotni tashkillashtirish va o‘tkazish tartiblari bo‘yicha o‘zaro tajriba almashdi hamda alpinistlikka oid turli usullarni qo‘llash mashg‘ulotlarida ishtirok etdi, deyiladi xabarda.
Tajriba almashuv bilan bog‘liq amaliy mashg‘ulotlarning deyarli barchasi “Forish” poligoni tog‘li hududlarida o‘tkazildi. Bunda asosiy e’tibor toqqa ko‘tarilish va tushish, yordamchi mexanik qurilmalardan foydalanish, o‘tish qiyin bo‘lgan joylarda jabr ko‘rganlarni bexatar evakuatsiya qilish usullari kabi mavzularga qaratildi.
Amerikalik va o‘zbekistonlik ishtirokchilar bunday tajriba almashish har ikki tomonga ham juda foydali bo‘lganini e’tirof etib, kelgusida ham shu kabi tadbirlarni o‘tkazib turishga katta qiziqish bildirdi.
Izoh (0)