O‘zbekistonda joriy yil paxta mavsumida qo‘lda terilgan bir kilogram paxta xom ashyosi uchun 650 so‘m haq to‘lanadi. Bu haqda bugun, 5-sentabr kuni O‘zbekiston Bosh vaziri raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi, deb xabar beradi “Daryo” muxbiri Sevara Nishonova.
Paxta xom ashyosi mashinada terilganda bir tonna uchun 400 ming so‘m, qo‘lda terilgan bir kilogramm uchun birinchi bosqichda kontraktatsiya shartnomasi 60 foizgacha bajarilgunga qadar 650 so‘m, ikkinchi bosqichda – 60 foizdan 80 foizgacha 850 so‘m, uchinchi bosqichda – 80 foizdan ortganda 1000 so‘mdan ish haqi to‘lash belgilandi.
Joriy yilda Sirdaryo, Jizzax va Toshkent viloyatlarida jami 27 ming 393 gektar maydondagi paxta725 ta mashina yordamida terib olinadi. 2017-yilda mashina terimi – 260 ming so‘m, qo‘l terimi – 450 so‘m, 500 so‘m va 700 so‘m belgilangan.
Bundan tashqari, aholi kam bo‘lgan hududlar uchun alohida tartib belgilanib, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlarining barcha tumanlarida, shuningdek Qashqadaryo viloyatining Koson, Muborak, Nishon va Kasbi, Surxondaryo viloyatining Qiziriq va Muzrabot tumanlarida Moliya vazirligi huzuridagi qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan qo‘lda terilgan bir kilogramm paxta uchun qo‘shimcha 150 so‘m, oziq-ovqat xarajatlariga 150 so‘m, jami 300 so‘m ustama haqi to‘lanadigan bo‘ldi.
Buning uchun, jamg‘armadan 246 milliard 404 million so‘m ajratiladi. Shuningdek, birinchi marta terimchilardan paxta terimidan oladigan daromadidan pensiya jamg‘armasiga (8 foiz) sug‘urta badali ushlab qolinmaydi. Buning hisobiga 177 milliard 414 milion so‘m mablag‘ terimchilar ixtiyorida qoladi.
Izoh (0)