Lola Karimova-Tillayeva oʻzbekistonlik rassom Chingiz Ahmarovga bagʻishlangan “Soʻnmas yogʻdu” kitobini taqdim etdi. Bu haqda u Facebookʼdagi sahifasida maʼlum qildi.
Ushbu fundamental nashrda usta-muallimning ijodiy va hayot yoʻli ochib berilgan. Rassomning sanʼat asarlari namunalari, arxiv materiallar, shuningdek, zamondoshlari va oʻquvchilari xotiralari oʻrin olgan.
“Professor, sanʼatshunoslik doktori Akbar Hakimov muallifligidagi mazkur kitob Karimov fondining loyihasidir. Maqsadimiz — keng jamoatchilikni XX asr oʻzbek milliy tasviriy sanʼat tarixi va uslubi bilan tanishtirishdir. Chingiz Ahmarovning ijodi Oʻzbekiston milliy madaniyatini rivojlantirishda hamda bir qator zamondoshlari, izdoshlari va shogirdlarining ijodiy tafakkuri shakllanishida katta iz qoldirdi. Shak-shubhasiz, Ahmarovning ijodi hali nafaqat Oʻzbekistonda, balki chet elda ham yuqori baholanadi”, — deya izoh beradi Lola Karimova-Tillayeva.
Bugungi kunda mazkur kitobning ingliz tilidagi nusxasini nashr etish ustida ish olib borilmoqda.
“Soʻnmas yogʻdu” kitobi Oʻzbekistondagi oʻquv yurtlari kutubxonalari, badiiy va ijodiy uyushmalarga tarqatiladi hamda kitob doʻkonlarida sotuvga qoʻyiladi.
Izoh (0)